Avval xabar berganimizdek, paxta yogʻi narxining oshishiga asosiy sabab bu yogʻ ishlab chiqaruvchi davlatlardagi kungaboqar yogʻi narxining koʻtarilishidir. Lekin, olib borilgan oʻrganishlar natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchi xoʻjalik yurituvchi obyektlar tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun buzilish alomatlari borligi aniqlandi. Xususan, Qoʻmitada tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan tovar bozorida oʻzaro raqobatchi boʻlgan paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalari oʻrtasida kelishib olingan harakatlar va kelishuvlar bor yoki yoʻqligini aniqlashtirilmoqda. Kelishuvlar aniqlangan holda uni orqasidan sunʼiy ravishda narxlarni belgilashga yoki saqlab turishga;
ishlab chiqarish ustidan, mahsulot sotish bozorlari ustidan nazorat oʻrnatishga;
taklif hajmini sunʼiy ravishda oʻzgartirish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini kelishib olishga qaratilgan harakatlar mavjudligini aniqlash yuzasidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan chuqur tahlil oʻtkazilyapti.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi paxta yogʻi narxlarining oʻsishini oldini olish uchun bitta xaridor tomonidan paxta yogʻini 3 tonnadan koʻp boʻlmagan miqdorda tovar va xom ashyo birjasida sotib olish hajmini chekladi.
Raqobatga zid boʻlgan harakatlar aniqlangan taqdirda, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi kompaniya va shaxslarga nisbatan Qonunda belgilangan tartibda hamma zarur choralarni koʻrishini maʼlum qiladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati