Soʻngi vaqtlarda Toshkent shahar yoʻlovchilari metropoliten xizmatlaridagi qator muammolar guvohiga aylanishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropoliteni bilan bogʻliq kamchiliklar haqida koʻp marotaba yozib kelishmoqda. Jumladan, 18-mart kuni “Olmazor” (Chilonzor yoʻli) va “Bekat-1” (Sergeli yoʻli) orasidagi tunnelda ikki poyezd toʻqnashuvi. 9-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poyezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi. Shu bilan birga metropolitendagi yer osti va yer usti poyezd harakatlarining bir nechta boshqa videolari ham ijtimoiy tarmoqlarda koʻp bora muhokama qilindi. Bugun esa, tunnelda toʻxtab qolgan poyezd haqidagi video tarqaldi, unda yoʻlovchilar relslar orqali harakatlanib bekatga yetib olishgani tasvirlangan.
“Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasida yoʻlovchi tashishning asoslari belgilab qoʻyilgan, jumladan:
- shahar yoʻlovchilar transportining bir maromda ishlashini tashkil etish;
- yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifati va madaniyatini oshirish;
- yoʻlovchilarning hayoti va sogʻligʻi xavfsizligini, transport vositalari harakatining xavfsizligini, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilish talablari bajarilishini taʼminlash.
Ammo, “poytaxt yer ostidagi” voqealar xizmat koʻrsatuvchining oʻz majburiyatlarini bajarmayotganiga dalolat bermoqda.
Ushbu holatlarni va har bir yoʻlovchi isteʼmolchi ekanligini hamda ularning haq-huquqlari Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun bilan himoyalanishini eslatgan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi yuqorida keltirilgan muammolarni oʻz nazorati ostiga olib, metropoliten xizmatlari yuzasidan oʻrganish ishlarini boshlaganini maʼlum qiladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati