ISTEʼMOLCHILAR VA TADBIRKORLAR DIQQATIGA:
Soʻnggi vaqtlarda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va uning huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyatiga oid turli holatlar haqidagi murojaatlar kelib tushmoqda. Murojaatlarning aksariyati Qoʻmita va uning huzuridagi Agentlik bilan Federatsiyaning faoliyatida oʻzaro aloqa borligi yoki yoʻqligi hamda aholi tomonidan oʻtkazilayotgan toʻy va marosimlarda Federatsiyaning faoliyati yuzasiga tushuntirish berish bogʻliq boʻlmoqda.
Ana shularni inobatga olgan holda, sizga shuni maʼlum qilamizki, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi nodavlat, notijorat tashkilot (NNT) hisoblanib, oʻz faoliyati va tarkibiy tuzilmasi boʻyicha Qoʻmita va uning huzuridagi Agentlik bilan hech qanday aloqasi yoʻq. NNT faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat, notijorat tashkilotlar faoliyati toʻgʻrisida” va “Oʻzbekiston Respublikasidagi jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonunlar bilan nazorat qilinadi. NNT faoliyatini rivojlantirish, ularning davlat va xoʻjalik yurituvchi subyektlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorligini tashkil etish sohasidagi davlat siyosati Oʻzbekiston Respublikasining Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. “Oʻzbekiston Respublikasidagi jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”g qonunning 5-moddasiga binoan davlat organlari va mansabdor shaxslarning NNT faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻymaydi. Shu munosabat bilan sizga eslatib oʻtamiz: Qoʻmita va uning huzuridagi Agentlik Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyati uchun javobgar emas!
Oʻzbekiston Respublikasini Prezidentning 2019-yil 11-sentyabrdagi №PQ-5817-sonli “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi – davlat siyosatini amalga oshirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasidagi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha yagona vakolatli organ hisoblanadi.
Toʻy va boshqa oilaviy tadbirlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori bilan tartibga solinadi ( 14.09.2019-y. № 2736–III/KQ-592–III).