BIR YILDA RAQOBATGA QARSHI NORMALARNI O’Z ICHIGA OLGAN 234 TA LOYIHA ANIQLANDI
Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash, davlat organlarining raqobatni cheklovchi qarorlar qabul qilishiga va shunday harakatlarni amalga oshirishiga yo’l qo’ymaslik Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. O’tgan 2019 yilda nimalar amalga oshirilganligi haqida muxbirimizga Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Qonun hujjatlari va davlat organlari qarorlarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash boshqarmasi boshlig’i Sanjar Abduqodirov so’zlab berdi.
– Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash metodikasiga muvofiq barcha ishlab chiqilayotgan normativ huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarini (qonun, qaror, farmon, farmoyish, davlat qo’mitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalarini) tovar va moliya bozoridagi raqobatga ta’sirini baholash ishlari olib borilmoqda.
Xususan, o’tgan yilda Qo’mitaga har hil turdagi 288 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari kiritilgan bo’lib, shulardan, 234 ta (81,3%) holatda raqobatni cheklovchi, birinchi navbatda ayrim xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga
asoslanmagan imtiyozlar, preferentsiyalar va boshqa bozor ishtirokchilariga nisbatan ustunlik huquqini berishni ko’zda tutuvchi normalar kiritilganligi aniqlandi.
Qo’mita tomonidan loyihalarni ishlab chiquvchi davlat organlariga normativ hujjat loyihalarini “Raqobat to’g’risida”gi Qonun talablariga rioya etgan holda qayta ishlash bo’yicha xulosalar berilgan va o’zgartirish talab etilgan. Misol uchun, “Raqobat to’g’risida”gi Qonunning 12-moddasi talablariga zid ekanligi munosabati bilan 9 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb xulosa berilgan.
– Mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar va hujjatlarni raqobatga ta’sirini o’rganish ham o’tkaziladimi va bunday hujjatlarda asosan qanday turdagi kamchiliklar kuzatilgan?
– 2019 yil davomida hududiy boshqarmalar tomonidan respublikaning 191 ta shahar va tumanlarida o’tkazilgan o’rganishlarda 1060 ta holatda mahalliy hokimliklar tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar hamda harakatlar sodir etish holatlari kuzatilgan. Ulardan Andijon viloyatida – 119 ta, Jizzax viloyatida – 217 ta, Surxondaryo viloyatida – 118 ta, Xorazm viloyatida – 119 ta va hokazo.
Shuningdek, Qo’mitaning markaziy apparati tomonidan o’tkazilgan xatlov yakunlariga ko’ra, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan 150 ta holatda (Jizzax 55 ta, Qashqadaryo 25 ta, Navoyi 28 ta va h.k) raqobat to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan.
O’tkazilgan tahlil natijalari mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan hujjatlarda ko’p hollarda tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishini cheklovchi hamda tovar va moliya bozorlarida sog’lom raqobat muhitini yaratishga to’sqinlik qiluvchi omillar mavjudligini ko’rsatmoqda. Mazkur holat mamlakatning barcha hududlarida asosan qurilish sohasida kuzatilmoqda.
Xususan, davlat maqsadli dasturlariga kiritilgan ob’ektlarini qurish va qayta ta’mirlash uchun pudrat tashkilotlarini aniqlashda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aynan biror pudrat tashkilotini tavsiya qilish va
ularga kafolatlar berish mazmunidagi xatlar yuborish holatlari ko’p uchramoqda.
– Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo’yicha qanday choralar ko’rilmoqda?
– Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo’zg’atish va ularni ko’rib chiqish tartibi to’g’risidagi Nizom talablari asosida:
- shahar va tumanlari hokimliklariga nisbatan “Raqobat to’g’risida”gi Qonuni talablari buzilganlik alomatlari bo’yicha 152 ta ish yurituvga olingan va to’plangan materiallar Maxsus komissiyalarda ko’rib chiqilgan, shahar va tuman hokimliklariga nisbatan raqobat to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilish holatini belgilangan muddatda bartaraf etish to’g’risida 148 ta ko’rsatma yuborilgan, raqobatni cheklashga olib kelgan 425 ta hujjatlar bekor qilingan;
- qabul qilingan ishlar yakunlariga ko’ra 9 ta viloyat hokimliklariga (Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Qashqadaryo, Sirdaryo, Samarqand va Surxondaryo) nisbatan raqobat to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilish holatini belgilangan muddatda bartaraf etish to’g’risida ko’rsatma yuborilgan va barcha ko’rsatmalar viloyat hokimliklari tomonidan bajarilgan.
– Davlat boshqaruv organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar va hujjatlarni raqobatga ta’sirini baholash qanday amalga oshiriladi?
Qo’mita markaziy apparati tomonidan vazirlik va idoralar, hududiy boshqarmalar tomonidan esa vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalarida qabul qilingan hujjatlarni (bayonnomalar, buyruqlar, xatlar va boshqalar) raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan o’rganish o’tkaziladi.
O’tgan yil davomida 163 ta holatda, xususan: Sog’liqni saqlash vazirligi tizimida – 41 ta, Madaniyat vazirligi tizimida – 27 ta, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida – 35 ta, Uy-joy kommunal xizmat ko’rsatish vazirligi tizimida – 13 ta, Qurilish vazirligi tizimida – 7 ta, Transport vazirligi tizimida – 9 ta raqobatni cheklaydigan hujjatlar hamda harakatlar sodir etish holatlari aniqlangan.
Davlat organlari faoliyatida ham mahalliy hokimliklarda uchragan kamchiliklar kuzatildi, ya’ni aksariyat qonun buzilish holatlari ayrim tadbirkorlik sub’ektlariga shartnomalar tuzishda ustunlik berish, ular faoliyati uchun imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilanishi, ularni boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan afzal holatga qo’yadigan preferentsiya va afzalliklar berish bilan bog’liq.
Muxbir: Lola Abduazimova.