Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Misr avikompaniyasi – “Nile air” loukosteri vakilini Sharm-el-sheyx – Toshkent – Sharm-el-sheyx yoʻnalishi boʻyicha parvozlarni bajarish uchun zarur boʻlgan slotni olishga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi murojaatini koʻrib chiqdi.
Slot – bu maʼlum bir vaqt yoki sanada samoletni uchib kelishi yoki uchib ketishi uchun aeroportda ajratiladigan vaqt.
Murojaatni oʻrganish mobaynida koʻrsatilgan yoʻnalish boʻyicha parvozlar bilan Misrning yagona aviakompaniyasi – “Al Masria” shugʻullanishi maʼlum boʻldi.
Shu bilan birga, “Nile air” ham Misr tomonidan ushbu yoʻnalishdagi belgilangan aviatashuvchi boʻlsada, “Oʻzbekiston xavo yoʻllari” MAK tomonidan uning Sharm-el-sheyx – Toshkent – Sharm-el-sheyx yoʻnalishi boʻyicha havoda qatnovlarni amalga oshirish uchun erkin slotlarni berish toʻgʻrisidagi murojaatlari ijobiy hal etilmagan.
Joriy yilning 30-iyul kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tashabbusi bilan Transport vazirligida “Oʻzbekiston xavo yoʻllari” MAK vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvda, havoda tashish xizmatlari bozorida sogʻlom raqobatni yanada rivojlantirish maqsadida, Sharm-el-sheyx – Toshkent – Sharm-el-sheyx yoʻnalishi boʻyicha “Nile air” loukosteriga tegishli slotni ajratish toʻgʻrisidagi masala muhokama qilingan.
Muhokamalar yakuniga koʻra, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK “Nile air” loukosteriga havoda tashishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan slotlarni kelishib berdi va parvozlar joriy yilning 21-avgustidan boshlab amalga oshirilishi rejalashtirildi.