Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga “KINDER” tovar belgisi egasi boʻlgan, qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “FERRERO S.P.A.” kompaniyasidan «Master Banni/Bonni» nomli qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “SWEET MASTER PRODUCT” XK ustidan murojaat kelib tushdi. arizada “SWEET MASTER PRODUCT” XK ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning qadoq yorligʻi “KINDER” tovar belgisiga juda oʻxshash ekanligi va bu holat isteʼmolchilarni adashtirishi mumkinligi yozilgan.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, “FERRERO S.P.A.” kompaniyasining tovar belgisi xalqaro miqyosda roʻyxatdan oʻtgan.
Oʻrganishlar jarayonida ushbu ikkita tashkilot bir tovar bozori ishtirokchisi hamda oʻzaro raqobatchi hisoblanishini aniqlandi. Natijalarga asoslanib maxsus komissiya tomonidan “SWEET MASTER PRODUCT” XKga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning 13-moddasiga binoan ish qoʻzgʻatildi hamda tashkilot ushbu moddani buzgan deb topildi.
Natijada, “SWEET MASTER PRODUCT” XKga komissiya tomonidan qonunga zid harakatlarni toʻxtatishi haqida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati