Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga bolalar uchun makkajo’xori tayoqchalari “XAM XAM” (Intellektual mulk agentligi tomonidan № MGU 36203-sonli guvohnoma berilgan) shirinligini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «ELIT GOLDEN GENERATION» MCHJ o’zining mahsulotiga yakka tartibdagi tadbirkor «Muqumov Akmal Saidjonovich» tomonidan taqlid qilinib “YAM YAM” shirinligi ishlab chiqarilayotgani va bu muammoni hal etishda amaliy yordam berishlarini so’rab murojaat etdi.
O’rganishlar jarayonida, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan «Muqumov Akmal Saidjonovich» YATT “XAM XAM” mahsulotining qadog’i taqlid qilib “YAM YAM” mahsulotini ishlab chiqarayotgani aniqlangan.
O’tkazilgan ekspertiza ma’lumotlariga ko’ra esa, «Muqumov Akmal Saidjonovich» YATT mahsuloti haqiqatdan «ELIT GOLDEN GENERATION» MCHJ mahsulotiga ko’rinishi, nomi va qadog’i bilan juda o’xshashligi va bu bilan iste’molchilarni adashtirishi mumkinligi tasdiqlandi.
O’zbekiston Respublikasining “Raqobat to’g’risida”gi qonunning 13-moddasiga asosan, Qo’mitaning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan taqlidchiga ish qo’zg’atilib, qonunbuzuvchiga muammoni bartaraf etish ko’rsatmasi berildi.
Taqlidchi ko’rsatmani bajarib, hozirgi kunda o’z mahsulotini yangi nom va brend bilan ishlab chiqarmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati