2021 yil 13 yanvar kuni bo’lib o’tgan mashinasozlik tarmog’ini transformatsiya qilish va sohada raqobatni rivojlantirish masalalari bo’yicha yig’ilishda Prezident Shavkat Mirziyoev mazkur tarmoq mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi yo’nalishlaridan bo’lib, sanoatdagi ulushi 11 foizni tashkil qilishini ta’kidlab, xorijiy mutaxassislar ishtirokida “O’zavtosanoat” faoliyatini transformatsiya qilish ofisini tashkil etish bo’yicha topshiriq bergan edi.
Davlatimiz rahbari lokalizatsiya darajasidan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar uchun bir xil sharoitlar joriy etish bo’yicha ham ko’rsatma berdi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Boston Consulting Group (BCG) kompaniyasi bilan birgalikda tashkil etilgan transformatsiya ofisi, «O’zavtosanoat» AJ va uning tarkibiy korxonalarini isloh qilish bo’yicha o’z faoliyatni boshladi.
O’z navbatida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi ushbu jarayonni qo’llab – quvvatlaydi hamda transformatsiya jarayonlarida avtomobilsozlik sohasini raqobatbardoshligini va raqobat muhitini yaxshilash buyicha o’z amaliy taklif va tavsiyalarini berishga tayyorligini ma’lum qiladi.