O’zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik muhokamasi regulation.gov.uz saytida mahalliy hokimliklar tomonidan joylashtirilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muntazam ravishda Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan o’rganib borilmoqda.
Jamoatchilik muhokamasiga qo’yilgan tuman va shaharlar hokimlarining yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish bo’yicha qarorlari loyihalarida O’zbekiston Respublikasining “Raqobat to’g’risida”gi qonuni talablariga zid normalar kuzatildi.
Xususan, ayrim qaror loyihalarida avtomototransport vositalarini texnik ko’rikdan o’tkazish uchun aniq bir korxonani ko’rsatish holatlari uchragan.
Masalan, Qoraqalpog’iston Respublikasi Shumanay tumani hokimligining qaror loyihasida “Shumanay Shabandoz trans” MCHJ, Jizzax viloyati Mirzacho’l tumanida “Umid avtotexservis” MCHJ va Do’stlik tumanida “Toxirbek servis” MCHJ hamda “Ali oil” KTXF, Farg’ona viloyati Marg’ilon shahrida “L-Lada” OKlari shu hududlardagi jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalarini texnik ko’rikdan o’tkazish joyi sifatida belgilangan.
Vaholanki, O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi qonuni 12-moddasiga ko’ra, Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag’larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo’nalishlarining afzalligi to’g’risida xo’jalik yurituvchi sub’ektga ko’rsatmalar berishi, ayrim xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko’rsatayotgan boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan afzal holatga qo’yadigan imtiyozlar, preferentsiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi taqiqlangan.
O’rganish natijalari bo’yicha 20 ta shahar va tumanlar hokimlari qaror loyihalari yuzasidan Qo’mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash Metodikasi asosida tegishli xulosalar yuborildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot hizmati