Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan O’zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik muhokamasi regulation.gov.uz saytida mahalliy hokimliklar tomonidan joylashtirilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari doimiy ravishda o’rganib borilmoqda.
Jamoatchilik muhokamasiga qo’yilgan tuman va shaharlar hokimlarining yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish bo’yicha qarorlari loyihalarida O’zbekiston Respublikasining “Raqobat to’g’risida”gi qonuni talablariga zid normalar kuzatildi.
Xususan, ayrim qaror loyihalarida avtomototransport vositalarini texnik ko’rikdan o’tkazish bo’yicha komissiyalari tarkibiga aniq bir korxona yoki sug’urta tashkiloti vakilini kiritish holatlari uchragan, bu esa komissiya ishini tashkil etishda manfaatlar to’qnashuvini kelib chiqishi va boshqa tadbirkorlik sub’ektlari yoki sug’urta tashkilotlariga kamsituvchi sharoitlar yaratilishiga olib keladi.
Masalan, Qashqadaryo viloyati G’uzor tumani va Surxondaryo viloyati Termiz shaxar hokimligining qarorlari loyihasida “GROSS Insurance” SK, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod, Qamashi, Koson va Chiroqchi tumanlari, Namangan viloyati Uchqo’rg’on, Pop, Chust, Chortoq, Namangan va Kosonsoy tumanida “Uzagrosug’urta” DASK vakillari avtomototransport vositalarini texnik ko’rikdan o’tkazish komissiyasi tarkibiga kiritilgan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 31 yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Transport vositalarini majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish tartibi to’g’risida Nizomning 18-bandida texnik ko’rikni o’tkazish komissiya tarkibiga O’zbekiston avtomobil` va daryo transporti agentligi hududiy bo’linmasi, tramvay-trolleybus parklari, boshqa davlat organlari, shuningdek nodavlat, notijorat tashkilotlarning vakillari kiritilishi belgilangan.
O’rganish natijalari bo’yicha 14 ta shahar va tumanlar hokimlari qaror loyihalari yuzasidan Qo’mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash Metodikasi asosida xulosalar yuborildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot хizmati