Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan kommunal xizmatlar uchun ommaviy shartnomalari (tabiiy gaz, elektr va issiqlik energiyasi, issiq hamda sovuq suv taʼminoti) tabiiy monopoliya subyektlari korxonalari bilan hamkorlikda oʻrganilib, uning natijasida korxonalarga tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berilgan edi.
Hush bugungi kunda ushbu ommaviy shartnomalarni kelishish qay tarzda davom etmoqda?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 14-sentyabrdagi PF-6313-son Farmon talablaridan kelib chiqqan holda “Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJlar tomonidan tabiiy gaz yetkazib berish toʻgʻrisida isteʼmolchilar bilan tuziladigan shartnoma loyihalari muhokama qilindi. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Oʻztransgaz” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ “Oʻzneftgazinspeksiya”, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Savdo-sanoat palatasi masʼullari hamda Avtomobillarga gaz quyish faoliyati bilan shugʻillanuvchi tadbirkor ishtirok etdilar. Uzoq davom etgan qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng amaldagi qonunchilikdan hamda amaliyotdan kelib chiqqan holda shartnoma loyihalariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Shu bilan birga, ushbu muhokamalarga tabiiy monopoliya subyektlari bilan bir qatorda sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini ham taklif etib, shartnomaviy munosabatlarda yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish choralari ham koʻrilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faol isteʼmolchilarni muammolarni aniqlashda va uni bartaraf etishda bevosita ishtirok etishga taklif qiladi. Takliflar bilan 71 207 47 00 raqamiga murojaat qilishingiz yoki info@antimon.gov.uz elektron manziliga yuborishingiz mumkin.