Farg‘ona viloyat Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Yozyovon tumani Beruniy MFY Subhidam ko‘chasi 42-uyda yashovchi fuqaro Ismoilova Sevaraxon Toirovnaning 2019 yil 19 iyundagi tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 8 827 829 so‘m qarzdorlik hisoblanganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganib chiqildi.
Fuqaro xonadoniga 28.03.2017 yil kuni Yozyovon tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari X.Oripov, A.Raxmatov, A.Xusanovlar tomonidan №302472-0001133-sonli dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda mazkur dalolatnomada yashirin yo‘l bilan elektr hisoblagichdan tashqari elektr tarmog‘iga ulanganligi, elektr tarmog‘iga 3 ta lampochka, 1 ta rozetka, 1 ta plita elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga zid ravishda ulanganligi aniqlanganligi rasmiylashtirilgan. Mazkur dalolatnomaga asosan 29.03.2017 yil kuni Yozyovon tuman elektr ta’minoti korxonasi o‘rinbosari M.G‘ofurov, yuriskonsul’t S.Xalilov, muxandis J.Ganievlar tomonidan qayta hisob-kitob dalolatnomasi bilan 8827829 so‘m qayta hisob-kitob hisoblangan.
Fuqaro arizada mazkur holat yuzasidan haqiqatdan ham elektr hisoblagichdan tashqari elektr kabeli xonadonga 2016 yil 16 oktyabr’ kuni to‘y munosabati bilan tortilganligi, qoidabuzarlik fakti xaqiqatda mavjudligini, lekin elektr liniyasiga rozetka hamda plita ulanmaganligi, kabelning xonadondagi qismiga faqatgina patron o‘rnatilganligi bildirilgan.
Dalolatnoma rasmiylashtirilgan davrda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2009 yil 22 avgustdagi 245-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 120-bandida “Maishiy iste’molchida hisobga olishni nazorat qilish priborlaridan tashqari boshqa elektr qabul qilgichlar ulanganda hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili qoida buzilishi haqida belgilangan namunada dalolatnoma tuzishi belgilangan. Qoidalarning 122-bandida “Elektr energiyasidan foydalanishda iste’molchi tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzishlar hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakillari va maishiy iste’molchi tomonidan imzolangan ikki nusxadagi dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi, uning bir nusxasi maishiy iste’molchiga berilishi, iste’molchi imzolashni rad etgan taqdirda qoida buzish dalolatnomasida iste’molchini tanishtirganlik to‘g‘risida belgi qo‘yilishi belgilangan.
Lekin 28.03.2017 yil kuni Yozyovon tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari X.Oripov, A.Raxmatov, A.Xusanovlar tomonidan №302472-0001133-sonli dalolatnomaga iste’molchi yoki iste’molchining vakili tomonidan imzo qo‘yilmagan bo‘lsada, iste’molchini tanishtirganlik to‘g‘risida belgi qo‘yilmaganligi, belgilangan namunadagi dalolatnomalarda iste’molchi (vakili) dalolatnomaga imzo qo‘yishdan bosh tortgan taqdirda qo‘shimcha dalolatnoma rasmiylashtirilishi belgilangan bo‘lsada, qo‘shimcha dalolatnoma rasmiylashtirilmaganligi, qoidabuzarlik fakti guvoxlar, xolislar ishtirokida yoki boshqa daliliy ashyolar bilan tasdiqlanmaganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga fuqaro xonadoniga hisoblangan qayta hisob-kitob xulosasini me’yoriy hujjatlarda belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ko‘rsatmasini bajarish maqsadida, tarmoqqa noqonuniy ulanish uchun to‘langan jarima miqdori hisobga olingan holda, iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi 6 857 829 so‘m hisoblangan dasturdan chiqarildi.
MONOPOLIYAGA QARSHI KURASHISh QO‘MITASI ISTE’MOLCHILARNI OGOHLANTIRADI: ELEKTR ENERGIYASIDAN FOYDALANISH QOIDALARINI BUZMANG!!!