O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan Respublika hududida qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to’xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash bo’yicha ko’rsatilayotgan xizmatlar bozorida o’rganish ishlari o’tkazildi.
Bugungi kunda Respublika hududida qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to’xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash xizmatlarni ko’rsatuvchi 296 ta tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritib kelayotganligi ma’lum bo’ldi.
O’tkazilgan o’rganishlar jarayonida ayrim hududlarda transport vositalarini saqlash uchun mo’ljallangan jarima maydonlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlarining hisob raqamiga kelib tushgan mablag’larning o’rtacha 10 foizi asossiz ravishda Yo’l harakati xavfsizligi hududiy boshqarmalari hisob raqamlariga undirilayotganligi ma’lum bo’ldi.
Natijada, o’tgan 3 yil davomida tadbirkorlik sub’ektlaridan asossiz undirilgan qarib 400 mln so’m mablag’ tadbirkorlik sub’ektlariga qaytarilishiga erishildi.
Bundan tashqari, hududlarda tashkil etilgan transport vositalarini saqlash uchun mo’ljallangan jarima maydonlarining 50 foizidan ortig’i amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan talablarga to’liq javob bermasligi kuzatildi.
Shu bilan birga mazkur bozorda, teng raqobat sharoitini va shaffoflikni ta’minlash maqsadida Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to’xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash bo’yicha ko’rsatilayotgan xizmatlarni ko’rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini belgilangan tartibda tanlov asosida tanlab olish bo’yicha ko’rsatmalar berildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish ko’mitasi Matbuot xizmati