Toshkent shahar Mirobod tumanida yashovchi Elbek Sharipovning so’zlariga ko’ra, 2018 yilda sovuq suv hisoblagichi buzilganligi sababli, sovuq suv uchun kishi boshiga to’lab kelgan. Yani, kommunal xizmat xodimi unga keladi, iste’molchi nechpul to’lashi kerakligini so’raydi va qancha deyilsa shuncha to’lagan. Boshqa masalaga e’tibor qaratmagan.
Lekin, o’tgan yilning ohirida, iste’molchi ikki kishi uchun emas balki to’rt kishiga to’layotganini bilib qolgan.
Shundan so’ng unda savol tug’ilgan ikki kishi istiqomat qilayotgan xonadonda qanday qilib to’rt kishi bo’lib qoladi?
Elbek Sharipov shu yilning yanvar va iyul oylarida xonadonida ikki kishi yashashini tasdiqlovchi barcha hujjatlarni topshiradi. Lekin…
Ikkala holatda ham «Toshkent suv ta’minoti» MCHJning Mirobod tumani bo’limida yuqoridagi hujjatlar yo’qolgan, buning natijasida, murojaat o’rganilmagan.
Shundan so’ng iste’molchi bu muammoni hal etishda Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga murojaat etadi. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida biz iste’molchi xonadoniga tashrif buyurdik va «Toshkent suv ta’minoti» MCHJ va Mirobod tumani bo’limi vakillarini chaqirdik.
Yakunda, tashkilot o’zi tomondan yo’l qo’yilgan aybni bo’yniga olib, Sharipovga barcha to’langan pullarni qayta hisob-kitob qilib berdi. Natijada, iste’molchida 305 ming so’mlik oldindan to’lov hosil bo’ldi.
Albatta, hammasi yaxshilik bilan tugadi. Ammo… Har bir kommunal xizmat ko’rsatuvchi tashkilot xodimlari o’z ishlariga ma’suliyat bilan yondoshganlarida, iste’molchilarning shu kabi muammolari bo’lmasdi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati