O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi huzuridagi Yoqilg’i-energetika resurslarini yetkazib berish va kommunal xizmatlar ko’rsatish masalalari bo’yicha jamoatchilik kengashi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2019 yil 19 dekabrdagi 01-03/1642-sonli xati bilan taqdim etilgan “Maishiy va yuridik iste’molchilari uchun elektr ta’minoti shartnomalari namunaviy loyihalari” ko’rib chiqilib, Qo’mitaning 2020 yil 9 yanvardagi 41/04-19-sonli xati bilan quyidagi takliflar berilgan. Xususan:
Maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi ta’minoti shartnomasi yuzasidan.
O’zbekiston Respublikasi “Oilaviy tadbirkorlik to’g’risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish Qoidalari, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi 897-son qarori bilan tasdiqlangan “Yoqilg’i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o’zgartirish to’g’risida”gi qarori va O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2018 yil 4 mayda 3005-son bilan ro’yxatga olingan Energiya resurslarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olishning zamonaviy asboblarini o’rnatish tartibi to’g’risidagi Nizomga talablaridan kelib chiqqan holda shartnoma loyihasining 1.3, 2.1, 2.6, 3.1, 3.7, 3.15, 4.4 va 5.4-bandlariga qo’shimchalar kiritish to’g’risida takliflar taqdim qilingan.
Shuningdek, yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlar talablaridan kelib chiqgan holda mazkur shartnoma loyihasining 2.1, 2.3, 2.5, 2.7, 3.1 va 3.7-bandlarini chiqarib tashlash yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tahrir etish lozimligi bildirilgan.
Misol uchun, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish Qoidalarida (keyingi o’rinlarda – Qoidalar deb ataladi) maishiy iste’molchilar uchun oylik limitlar belgilanishi nazarda tutilmagan bo’lsada, mazkur shartnoma loyihasining 2.1-bandida yillik iste’mol qilinadigan energiyaning hajmi oyma-oy bo’lingan holda ushbu shartnoma ilovasiga
muvofiq kVt/soat bo’yicha taqsimlanishi belgilanmoqda.
Yuridik shaxslar uchun elektr ta’minoti shartnomasi yuzasidan.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish Qoidalariga muvofiq shartnomaning 3.3, 3.5, 3.17, 4.2, 4.4 va 6.5-bandlariga qo’shimchalar kiritish va mazkur bandlarni to’ldirish taklifi berilgan.
Misol uchun, Qoidalarning 83 va 114-bandlari talablaridan kelib chiqqan holda shartnoma loyihasining 3.5-bandini quyidagi xatboshilar bilan to’ldirish lozimligi taklif qilingan:
“Elektr energiyasi uchun amaldagi tariflar o’zgargan taqdirda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi ularning kuchga kirishidan kamida o’n besh kun oldin qarorni ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
Bunda elektr energiyasi uchun tariflar o’zgargan sanadan qat’iy nazar, elektr ta’minoti shartnomasi o’z kuchida qoladi va iste’molchi foydalanilgan elektr energiyasi uchun yangi tarif kuchga kirgan kundan boshlab haq to’lashga majburdir.
Tarif o’zgargan taqdirda, iste’molchilar elektr energiyasi (shu jumladan, aktiv va reaktiv energiya)ning avans tariqasida to’langan hajmi uchun to’lov kunidan boshlab keyingi 1 oydan ortiq bo’lmagan muddatda qo’shimcha to’lov to’lashdan ozod etiladi.
Arifmetik xatoliklar, tariflarni noto’g’ri qo’llash tufayli paydo bo’ladigan kam va ortiqcha to’lovlar tegishli tarif bo’yicha kVt/soatlarda qayta hisoblab chiqiladi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan da’vo muddati doirasida ko’rsatkichlardagi tafovut yoki qo’shimchalar bilan birgalikda hisobga olinadi”.
Shuningdek, Jamoatchilik kengashi yig’ilishida shartnoma loyihalari muhokama qilinganidan so’ng, Jamoatchilik kengashi fikri qo’shimcha ravishda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga taqdim etilishi ma’lum
qilingan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati