Hududiy boshqarmaga viloyatda faoliyat ko’rsatuvchi ulgurji tabiiy gaz iste’molchilari tomonidan murojaatlar kelib tushdi.Murojaatlarda hududiy filial tomonidan O’ztransgaz” AJsining 2015 yil 22 sentyabr`dagi “Sanoat kollektorlari orqali ulgurji iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi 654-sonli uyrug’i asosida iste’molchilar tomonidan iste’mol qilinmagan tabiiy gaz uchun ularning abonent hisob raqamidan mablag’ yechib olinganligidan noroziligi bildirilgan.
Ushbu holatlar bo’yicha “O’ztransgaz” AJ Navoiy viloyati bo’yicha gaz ta’minoti hududiy filialidan so’rov asosida tegishli ma’lumotlar olinib o’rganildi. “O’ztransgaz” AJsining 2015 yil 22 sentyabrdagi 654-sonli buyrug’iga asosan sanoat kollektoridan avtomobil`larga gaz to’ldirish kompressor shoxobchalariga (AGTKSH) gaz uzatuvchi quvurning ulanish nuqtasigacha bo’lgan qismida tabiiy gaz hajmlarini hisob-kitobini olib borishda kelib chiqadigan farqning qiymati AGTKSH tomonidan gaz ta’minoti korxonasiga to’lab berilishi belgilanganligi vaji asos qilinib, gaz ta’minoti korxonasi ulgurji iste’molchilar bilan tabiiy gaz iste’molida vujudga kelgan tafovutni, ya’ni iste’mol qilinmagan tabiiy gazni iste’molchi to’lashi bo’yicha qonun hujjatlari talablariga zid ravishda shartnoma tuzilgan.
Tahlil natijalariga ko’ra “O’ztransgaz” AJ tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvar`dagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ga zid ravishda 35 ta ulgurji iste’molchilarga iste’mol qilinmagan tabiiy gaz uchun 1 756 356 metr/kub tabiiy gaz hisoblanishi hisobiga 1 592 260 500 so’mlik asossiz daromad olinganligi aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo’yicha “O’ztransgaz” AJga nisbatan “Tabiiy onopoliyalar to’g’risida”gi Qonunning 15-16-moddalari buzilganligi holati bo’yicha ish qo’zg’atildi. Boshqarma Maxsus komissiyasining ishni ko’rib chiqish bo’yicha qabul qilgan 2020 yil 23 iyun`dagi qaroriga asosan “O’ztransgaz” AJga qonun buzilishi natijasida olingan 1 592 260,5 ming so’m asossiz daromadni bir oy muddatda 35 ta iste’molchilarga qaytarish to’g’risida ko’rsatma berildi. Biroq “O’ztransgaz” AJ tomonidan ko’rsatma bajarilmagan.
Boshqarma tomonidan ko’rsatma ijrosini ta’minlash va iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida sudga javobgar “O’ztransgaz” AJ tomonidan asossiz olingan mablag’larni iste’molchilarga qaytarish to’g’risida da’vo ariza berildi.
Boshqarma tomonidan berilgan mazkur da’vo Karmana tumanlararo iqtisodiy sud tomonidan joriy yilning 21 sentyabr` kunida ko’rib chiqilib, sud tomonidan da’vo talabini qanoatlantirish to’g’risida hal qiluv qarori qabul qilinib, asossiz olingan 1 477 732,1 ming so’m mablag’lar iste’molchilarga qaytarilishiga erishildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati