Toshkent shahrida yashovchi fuqaro R. Abdullaev Qo’mitaga murojaat etib, “Toshissiqquvvati” DUK tomonidan uning xonadoniga o’rnatilgan issiq suvni hisobga olish asbobini davlat qiyoslovidan o’tkazish muddati o’tganligi to’g’risida belgilangan tartibda bildirishnoma taqdim etilishi ta’minlanmaganligiga qaramasdan, fuqaroning manzili bo’yicha issiq suv uchun hisob-kitoblar 2019 yilning 1 dekabridan boshlab ro’yxatdan o’tkazilgan (yashovchi) odamlarning soni bo’yicha amalga oshirilayotganligidan noroziligini bildirib, mazkur masala yuzasidan amaliy yordam berishni so’ragan.
Ushbu murojaatdagi holatni o’rganish jarayonida, iste’molchining hisobga olish asbobini davlat qiyoslovidan o’tkazish muddati o’tgan bo’lsada “Toshissiqquvvat” DUK tomonidan iste’molchiga hisobga olish asbobini o’rnatilgan tartibda davlat qiyoslovidan o’tkazish muddati kelganligi haqida rasmiy ravishda ogohlantirish xati yuborilmaganligi aniqlandi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi 698-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yuridik va jismoniy shaxslarning ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichni) yechish, qiyoslashdan o’tkazish va o’rnatish bo’yicha davlat xizmatlari ko’rsatishning ma’muriy reglamentining 7-bandi ikkinchi xatboshisida talabgorning ta’minotchi korxona tomonidan belgilangan muddatda rasmiy ravishda ogohlantirilmasligi hisobga olish uskunalarini o’z vaqtida qiyoslovdan o’tkazmaganlik uchun aybdorlikni keltirib chiqarmasligi belgilangan.
Qo’mita tomonidan “Toshissiqquvvat” DUK yuqorida keltirilgan tartib talablari buzilganligi hamda fuqaro R.Abdullaevga issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun asossiz ravishda ro’yxatdan o’tkazilgan (yashovchi) odamlarning soni bo’yicha noto’g’ri qarzdorlik hisoblanganligi aniqlanib, “Toshissiqquvvat” DUKga nisbatan belgilangan tartibda ish qo’zg’atildi.
Buning natijasida “Toshissiqquvvat” DUK tomonidan ko’rsatib o’tilgan qonunbuzilish holati ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi va fuqaro R.Abdullaevning foydasiga 1 847 847,39 so’m mablag’lar qayta hisob-kitob qilindi va fuqaroning manfaati himoyalandi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi axborot xizmati