2020 yil davomida Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi va uning hududiy boshqarmalariga xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni qo’shib yuborish va qo’shib olish hamda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav fondidagi aktsiyalarni (ulushlarni) olish bo’yicha bitimlarga oldindan rozilik berish bo’yicha jami 153 ta murojaatlar kelib tushdi. Shundan, 37 tasi xo’jalik yuirtuvchi sub’ektlarni qo’shib yuborish va qo’shib olish yuzasidan bo’lib, 116 tasi aktsiyalarni (ulushlarni) olishga doir murojaatlar hisoblanadi. Ushbu murojaatlarning 35 tasi xorijiy investorlarga tegishli.
Shu bilan bir qatorda “Raqobat to’g’risida”gi Qonun talablari buzilganligi uchun, ya’ni xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni qo’shib yuborish va ulushlarni olishda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olmasdan amalga oshirilgan bitimlar sababli 5 ta xo’jalik sub’ektiga nisbatan ish qo’zg’atilib ko’rsatma berildi.
2020 yilda kelib tushgan barcha murojaatlar chuqur tahlil qilinib, Qo’mita tomonidan jami 3 303 mlrd. so’mlik bitimlarga oldindan rozilik berildi, shundan 59 foizi, ya’ni 1 957 mlrd. so’mlik (193 mln. AQSH doll.) bitimlar xorijiy investorlar hissasiga to’g’ri keladi.
Xorijiy investorlar tomonidan asosan to’qimachilik, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, elektrotexnika, qurilish, qishloq xo’jaligi, oziq-ovqat va shu kabi sohalarga to’g’ridan-to’g’ri mablag’lar va zamonaviy texnologiyalar ko’rinishida investitsiyalar kiritilishi ko’zda tutilgan.
Misol tariqasida olib ko’radigan bo’lsak, 2020 yilda quyidagi bir nechta yirik bitimlarni tuzishga monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi berildi:
- “Societe des Produits Nestle S.A.” kompaniyasi (Shveytsariya) tomonidan “NESTLE FOOD” MCHJ XKning ustav fondidan 99,99 foiz ulush olishiga.
“NESTLE FOOD” MCHJ XKning asosiy faoliyati oziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdosi hisoblanadi.
- “LUKOIL INTERNATIONAL GmbH” kompaniyasi (Avstriya) tomonidan “LUKOIL Uznefteprodukt” MCHJning ustav fondidan 51 foiz ulush olishiga.
“LUKOIL Uznefteprodukt” MCHJning faoliyat turi motor yoqilg’isi chakana savdosi hisoblanadi.
- “QIZILQUM FOSFORIT KOMPLEKSI” MCHJni “OLMALIQ KON-METALLURGIYA KOMBINATI” AJga qo’shib olishga.
“OLMALIQ KON-METALLURGIYA KOMBINATI” AJning faoliyat turi rangli metall rudalarini qazib olish hisoblanadi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati