2020 yil 1 yanvar` holatiga Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi markaziy apparatiga xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni qo’shib olish va qo’shib yuborish hamda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav fondidagi (kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olish bo’yicha bitimlarga oldindan rozilik berish bo’yicha jami 111 ta murojaatlar kelib tushdi. Shundan, 92 tasi ustav fondidagi (kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olishga doir murojaatlar bo’lib, ushbu murojaatlarning 32 tasi xorijiy investorlarga tegishli.
Shu bilan bir qatorda “Raqobat to’g’risida”gi Qonun talablari buzilganligi uchun, ya’ni xo’jalik yurituvchi sub’ektning ustav fondidan ulush olishda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olmasdan amalga oshirilgan bitim sababli 1 xo’jalik sub’ektiga nisbatan ish qo’zg’atilib ko’rsatma berildi.
2019 yilda kelib tushgan barcha murojaatlar chuqur tahlil qilinib, Qo’mita tomonidan jami 3,312 trln. so’mlik bitimlarga oldindan rozilik berildi, shundan 74 foiz, ya’ni 2,435 trln. so’mlik (274,1 mln. AQSH doll.) bitimlar xorijiy investorlar hissasiga to’g’ri keladi.
Xorijiy investorlar tomonidan asosan to’qimachilik, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, elektrotexnika, oziq-ovqat va shu kabi sohalarga to’g’ridan-to’g’ri mablag’lar va zamonaviy texnologiyalar ko’rinishida investitsiyalar kiritilishi ko’zda tutilgan.