O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan «ROTBAND», «KNAUF» va «ROTBAND» tovar belgilariga egalik qilish huquqi «BUXOROGIPS» qo’shma korxonasiga berilgan bo’lib, o’z mahsulotlarini aynan shu nomlarda ishlab chiqaradi. Lekin, bozorlarda yuqoridagi mahsulot nomiga o’xshash «Xurram Zilol» MCHJga (Toshkent viloyati, Zangiota tumani) tegishli «RODBIN» hamda «Qurilish Mollari Markazi» OKga (Toshkent viloyati, Toshkent tumani) tegishli «ROTBIN» nomlari ostida mahsulotlar savdosi amalga oshiriladi. Ushbu holat bo’yicha «BUXOROGIPS» QK Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga o’z intellektual mulk huquqlari buzilayotgani bo’yicha murojaat etdi.
Intellektual mulk agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko’ra, «ROTBAND», «KNAUF» va «ROTBAND» tovar belgilari haqiqatdan № MGU 26048-sonli raqam bilan 09.11.2012 da (amal qilish muddati 09.11.2022 yilgacha) «BUXOROGIPS» QK nomiga ro’yxatdan o’tkazilgan. Shu o’rinda yana bir ma’lumot, «Xurram Zilol» MCHJ va «Qurilish Mollari Markazi» OKlar tomonidan Intellektual mulk agentligiga o’z tovar belgilarini ro’yxatdan o’tkazish bo’yicha hech qanday murojaat yo’llanmagan ekan. Shuningdek, mutaxassis xulosasida «RODBIN» tovar belgisi «Xurram Zilol» MCHJ, «ROTBIN» «Qurilish Mollari Markazi» OKlar tomonidan ishlatilinib, «BUXOROGIPS» QK tegishli bo’lgan «KNAUF ROTBAND» tovar belgisiga juda o’xshashligi keltirilgan. Bu esa, xaridorlarni mahsulot sotib olishda adashib ketishiga olib kelishi mumkin.
«Xurram Zilol» MCHJ taqdim etgan ma’lumotlar: 2019-2020 yillar davomida ishlab chiqaruvchi tomonidan har biri 25 kg.lik jami 25 ming kg. quruq gips aralashmasi ishlab chiqarilgan. Shuningdek, 2020 yilda «EL-MAKS» brendi asosida ishlab chiqarilgan 13 ming 750 kg (550 ta qop) «RODBIN» quruq gips aralashmasi, chakana savdo do’konlarida umumiy qiymati 9 mln. 350ming so’mlik mahsulot sotilgan. 2020 yilning 20 oktyabr holatiga ko’ra, omborxonalarda 11 ming 250 kg mahsulot qolgan.
«Qurilish Mollari Markazi» OK taqdim etgan ma’lumotlarga ko’ra: korxona o’z faoliyatini 2020 yil 7 iyul sanasida boshlagan bo’lib, 2020 yilning 8 oktyabrigacha bo’lgan davrda «ROTBIN» tovar belgisi ostida 54 ming kg quruq qurilish aralashmalari ishlab chiqarilgan. bugungi kunga kelib esa korxona omborida 14 ming kg mahsulot saqlanmoqda. Shu o’rinda, ushbu tovar belgisi ostida mahsulot ishlab chiqarishga huquq beradigan korxonaning hech qanday hujjatlari yo’q.
Xullas, ishni o’rganish jarayonida «Xurram Zilol» MCHJ va «Qurilish Mollari Markazi» OKlar O’zbekiston Respublikasining “Raqobat to’g’risida”gi qonunning 13-moddasida ko’rsatilgan qonunbuzilish alomatlari aniqlanganligi sababli, Qo’mitaning Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi Maxsus komissiyasi tomonidan o’rnatilgan tartibda ish qo’zg’atildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati