Normativ-xuquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashkent Central Park» ko’p tarmoqli majmuasi qurilishi bo’yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qaror loyihasi Qo’mitaga taqdim etilgan.
Qaror loyihasi bilan “Taskent Merkez Park Gayrimenkul Yatirim Anonim Sirketi” kompaniyasi (Turkiya Respublikasi) va “UzTur Investment and Development” MCHJ o’rtasida 2020 yil 27 may kuni “Tashkent Central Park” ko’p tarmoqli kompleksini qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish bo’yicha investitsiya shartnomasi imzolanganligi ko’rsatilgan.
Qaror loyihasida investor 2024 yil 1 yanvargacha:
a) yagona ijtimoiy to’lovdan tashqari barcha turdagi soliqlar va yig’imlardan, xorijiy mutaxassislarining ish haqi fondi bo’yicha yagona ijtimoiy to’lovdan, “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida olib kiriladigan va rasmiylashtiriladigan qurilish texnikasi, mashina va mexanizmlar, asbob-uskunalar, vaqtinchalik bino va inshootlar, transport vositalari davriy bojxona to’lovlaridan, qo’shilgan qiymat solig’idan – investorlar, pudrat va subpudrat tashkilotlari O’zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (ko’rsatiladigan xizmatlar) bo’yicha, jismoniy shaxslardan olinadigan foyda solig’idan – investitsiya loyihasida ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar;
b) 2022 yil 1 yanvarga qadar – texnologik hujjatlar, materiallar, xom ashyo, uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, shuningdek metall prokatini olib kirishda bojxona to’lovlarini to’lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig’imlardan tashqari), 2022 yil 1 yanvardan 2024 yilga qadar esa – o’rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro’yxatlar asosida yuqorida qayd etilgan tovarlar olib kirilganda bojxona to’lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig’imlar va qo’shilgan qiymat solig’idan tashqari) ozod qilinishi belgilanmoqda.
Shuningdek, qaror loyihasida investorlar, pudratchilar va subpudratchilarga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida olib kiriladigan tovarlarni o’zining saqlash uchun omborxonalariga joylashtirishga ruxsat berilmoqda.
“Raqobat to’g’risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ayrim xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko’rsatayotgan boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan afzal holatga qo’yadigan imtiyozlar, preferentsiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi ta’qiqlanishi ko’rsatilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 sentyabrdagi PF-5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar Kontseptsiyasi”da xususiy sektor samarali faoliyat ko’rsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishga cheklov choralarini belgilash va amaldagi korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, sog’lom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferentsiyalar berish amaliyotidan voz kechish ko’rsatilgan.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 maydagi “Imtiyozlar va preferentsiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-3756-sonli qaroriga asosan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferentsiyalar qonunlar va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun berilishi, vaqtinchalik imtiyozlar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo’lmagan muddatga berilishi, individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investitsiya kiritishdan manfaatdor bo’lmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud bo’lganda yoxud O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan berilishi ko’rsatilgan.
Qo’mita tomonidan ushbu qaror loyihasini qabul qilinishi oqibatida boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan afzal holatga qo’yadigan imtiyozlar, preferentsiyalar va yengilliklar berilishi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunining 12-moddasi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 sentyabrdagi PF-5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar Kontseptsiyasiga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 maydagi PQ-3756-sonli qarori talablariga zid ekanligini inobatga olib, qarorni qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb xulosa berilgan.
Qo’mitaning loyihaga berilgan xulosasi bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin (ID 18516).
Monopoliyaga qarshi kurarshish qo’mitasi Matbuot xizmati