O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan bir nechta internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan ayrim metall mahsulotlarini, shu jumladan “katanka” xom ashyosi importini cheklanishi bilan bog’liq holatlar o’rganib chiqildi.
Maqolalarda Inqirozga qarshi kurashish Respublika komissiyasining 2020 yil 11 maydagi yig’ilishi bayoni bilan ayrim yirik mahalliy ishlab chiqaruvchilar (“Olmaliq KMK” AJ, “O’zmetkombinat” AJ, “O’zikkilamchiranglimetall” AJ va “Toshkent metallurgiya zavodi” MCHJ QK) faoliyatini pandemiya sharoitida qo’llab quvvatlash orqali boshqa metalloprokat ishlab chiqaruvchilarning manfaatlari hisobga olinmaganligi qayd etilgan.
Dastlabki tahlillarga ko’ra, bugungi kunda katankadan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi yillik quvvati 14,7 ming tonnani tashkil etuvchi 34 ta korxonalar faoliyat olib boradi.
Qo’mitaga kelib tushgan ayrim ishlab chiqaruvchilarning murojaatlarida ko’rsatilishicha, O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan katankadan tayyorlangan mahsulotlar sifat standarti talablariga javob bermaydi, mazkur korxonalarda birlamchi metal maxsuloti ishlab chikarilmaydi, balki maxsulotlar metallomdan (ikkilamchi xom ashyo) ishlab chikariladi va prokat xoliga keltirishda texnologik jarayonda barcha mexanik va fizik xususiyatlarni saqlab qolishi o’zlashtirilmagan, bu esa, metalloprokat xom ashyosini import qilishni talab qiladi.
“O’zmetkombinat” AJning ma’lumotiga ko’ra, katanka xom-ashyosini sinov partiyasini (probnaya partiya) ishlab chiqarishni yo’lga qo’yilishi joriy yilning iyul` oyiga rejalashtirilgan. Biroq, ushbu ishga tushiriladigan quvvatlar ham metalloprokat (maxsus sim, shurup, samorez, bolt, vint kabi turli metiz mahsulotlari) ishlab chiqaruvchilarning ehtiyojlarini qondira olmaydi. Bu esa korxonalarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligiga, eksport salohiyatiga salbiy ta’sir ko’rsatib, ishlab chiqarish hajmini keskin qiskarishiga, pirovardida ish o’rinlarini yo’qolishiga olib kelishi mumkin.
Masalan, Namangan viloyatidagi “Mexmash” MCHJ tomonidan 15,0 mln.AQSH dollari qiymatida investitsiyalar o’zlashtirilib, yillik 1000 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarilmoqda va ularning asosiy qismi eksport qilinmoqda.
Toshkent viloyatida Turkiya va Xitoyning mos ravishda 15,7 mln.AQSH dollari va 12,0 mln.AQSH dollari investitsiyalari o’zlashtirilayotgan “DAL HEAVY INDUSTRIES” MCHJ QK va “BAO XIN METALL” MCHJ QK tomonidan tashkil etilayotgan metall konsturktsiyalarni ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish jarayonida ham uchratish mumkin.
O’zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyatining erkinligining kafolatlari
to’g’risida”gi hamda “Raqobat to’g’risida”gi Qonunlari talablaridan kelib chiqib, ayrim
korxonalar uchun yaratilgan imtiyozli shart-sharoitlarni cheklash va barcha ishlab chiqaruvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish maqsadida Qo’mita tomonidan O’zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga Inqirozga qarshi kurashish Respublika komissiyasining 2020 yil 11 maydagi yig’ilishi bayoni tegishli bandlarini qayta ko’rib chiqish va O’zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilgan katanka xom ashyosini erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga o’tkazishga ruxsat berish bo’yicha tegishli takliflar yuborildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati