Ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz soligʻini 5 foizdan 20 foizga oshirish yuzasidan bildirilgan taklifi bilan keng muhokama qilinmoqda.
Ushbu masala yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi quyidagi munosabatini bildiradi.
Maʼlumki, neft mahsulotlari uchun aksiz soligʻi deyarli barcha davlatlarda qoʻllaniladi.
Aksiz soligʻi – bu mamlakat ichida ishlab chiqariladigan va importdan keltiriladigan, odatda aniq roʻyxatini belgilagan holda, tovarlarga nisbatan toʻlaniladigan bilvosita soliq hisoblanadi.
Xalqaro tajribada rivojlangan mamlakatlarda aksiz soligʻi davlat byudjeti uchun daromad manbai sifati koʻriladi. Bunda, aksiz soligʻi tovarning mahalliy yoki importdan keltirilganligidan qatʼiy nazar yagona stavkada belgilanadi.
Shu bilan birga, aksiz soligʻini har xil darajada belgilash tajribasi Belorussiya va Qozogʻistonda kuzatildi. Bunda, isteʼmolchilar uchun narxni oshishiga yoʻl qoʻymaslik va aksincha arzonlashtirish, yoki tadbirkorlik subyektlariga teng sharoit yaratish nuqtayi nazardan amalga oshirilgan. Masalan, Belorussiyada 28-fevraldan 31-dekabrga qadar mahalliy benzin ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan benzinni realizatsiya qilganda, aksiz soligʻi toʻlovchilariga 0,25 koeffitsiyent miqdorida imtiyoz qoʻllanilishi belgilangan. Yaʼni, isteʼmolchilar manfaatlari ustuvorligini taʼminlagan holda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida import benzinning aksizini koʻtarmasdan, balki mahalliy benzin uchun aksiz soligʻiga imtiyoz qoʻllanilgan.
Shuningdek, Qozogʻistonda bozorda benzin defitsitini oldini olish, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan benzin narxini arzon ushlash maqsadida avval import benzin uchun aksiz soligʻi mahalliy benzinga nisbatan deyarli uch baravar kam boʻlgan. Lekin, 2018-yildan boshlab bozor ishtirokchilariga teng sharoit yaratish maqsadida aksiz miqdori tenglashtirildi. 2020-yilga qadar “Oʻzbekneftgaz” AJning neftni qayta ishlash korxonalarida bir qator imtiyoz va preferensiyalar qoʻllanib kelingan. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi PQ-3386-son qarori bilan berilgan shart-sharoitlar shuning jumlasidandir.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish, import qilish va sotish boʻyicha tadbirkorlik subyektlarga teng sharoitlar yaratildi. Monopol korxona hisoblangan Buxoro va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodlari 2020-yilning may oyidan narxni shakllantirish boʻyicha qoʻllanib kelingan cheklovlardan ozod etildi. Endilikda narxlar birja savdolarida talab va taklifdan kelib chiqib shakllana boshladi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan import neft mahsulotlarining aksiz soligʻini oshirilishi boʻyicha Energetika vazirligiga kiritilgan taklif yetarlicha iqtisodiy asoslantirilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi sogʻlom raqobat muhitining taʼminlanishi va isteʼmolchilar manfaatlarini koʻzlagan holda aksiz soligʻini oshirilish maqsadga muvofiq emas deb hisoblaydi.
Shuni taʼkidlash joizki, mahsulotni importiga aksiz soligʻini belgilash masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi tarif va notarif tartibga solish Kengashi tomonidan koʻrib chiqilishi lozim. Kengash mazkur masalani koʻrib chiqqan taqdirda, Qoʻmita yuqoridagi pozitsiyasi bilan ishtirok etadi va himoya qiladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati