Namanganlik iste’molchi xonadonida ichimlik suvi bo’lishini 20 yildan oshiq muddat kutdi.
Namangan viloyatining Uchqo’rg’on tumanidan oqib o’tuvchi Norin daryosi, o’zining chin ma’noda suvning tozaligi bilan mashhur. Hatto uning jo’shqinligi haqida Said Ahmadning “Ufq” asarida ham o’qish mumkin. Asarning yozilganiga bir necha o’n yillar o’tgan bo’lsada, daryo o’zining tez oqarligi va sofligini yo’qotmagan. Bundan tashqari daryo O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasidagi chegaradan o’tgan. Bu yerlarga kelgan odam albatta daryo bo’yida dam olishni niyat qiladi, lekin, tub aholi bu daryoga ko’proq boshqa maqsadni ko’zlab keladi. Ularning qatorida ana shu mahallada istiqomat qiluvchi Qahramon Meliev ham bor. Mahalla nuroniysi shu vaqtga qadar daryodan ichimlik suvi sifatida foydalangan.
QAHRAMON MELIEV – iste’molchi
– Bu hovlini 1998 yilda xarid qilib ko’chib kelganman. O’shandan beri bizda suv muammosi bor edi. Kanaldan yoki ariqdan olishimizga to’g’ri kelardi. Ushbu muammoni hal etishda yordam so’rab bir nechta tashkilotlarga bordim, natija bo’lmadi. Shundan so’ng, Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining hududiy boshqarmasiga murojaat etdim.
Hududiy boshqarma tomonidan vakolat doirasida olib borilgan o’rganishlar natijasida murojaatchining xonadonidan tashqari, mahallada yana bir nechta uy egalarining toza ichimlik suvi bilan bog’liq muammolari borligi aniqlandi.
ZULFIYA DAMINOVA – “Qumqo’rg’on” MFY raisi
– Haqiqatda mahallaning 15 ta xonadonida ichimlik suvi bilan bog’liq muammo bor edi. Shunda, mahalla oqsoqollari bilan kelishgan holda Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining hududiy boshqarmasiga murojaat etdik. Ular tomonidan qisqa muddat ichida tegishli ishlar olib borilib, hozirgi kunda muammoimiz hal etildi.
BOHODIR YUSUPJONOV – Qo’mita hududiy boshqarma boshlig’i o’rinbosari
– Bu muammoni hal etish maqsadida, mahalliy hokimiyat, suv ta’minoti korxonasi bilan
hamkorlikda bu yerga qo’shimcha 100 metr 76 mmlik va 100 metr 50 mmlik truba zarurligi aniqlanib, buni hal etish uchun, homiylik tashkilotlari, hokimiyat va suv oqava tashkiloti bilan birganlikda muammo hal etilib, natijada, ushbu mahalladagi 15 ta xonadon ichimlik suvi bilan muntazam ta’minlandi. O’rnatilgan tartib ularga suv o’lchagichlari ham o’rnatildi. Har bir xonadonda abonent raqamlari ochildi.
Mahallada bu bilan obodonlashtirish ishlari to’xtab qolgani yo’q, mahallada endilikda yo’llarni tekislash hamda asfal`t qilish rejalashtirilgan.
#suv_hayot_manbai
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati