Samarqand viloyat Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi tomonidan Samarqand shahar hokimligiga nisbatan O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi qonunining 12-moddasi (3 va 8-xat boshlari) talablari buzilganligi holati bo’yicha qo’zg’atilgan ish ko’rib chiqildi.
Hududiy boshqarma Samarqand shahar hokimining 2020 yil 18 iyundagi 99-F-sonli Farmoyishining raqobat muhitiga ta’siri o’rganib chiqilganda:
– Samarqand shahridagi Universitet xiyobonida 84 dona, Registon ko’chasida 25 dona, Beruniy ko’chasida 94 dona hamda Kimyogarlar qo’rg’onidagi Umid ko’chasida 10 dona, jami 213 dona 1×2 o’lchamli LED monitorlari o’rnatilishi belgilanganligi;
– mazkur LED monitorlarni o’rnatish ishlari aniq bitta tadbirkorlik sub’ektiga (MCHJga) yuklatilganligi qayd etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to’g’risida”gi 104-sonli qaroriga asosan tashqi reklama ob’ektlarini (konstruktsiyalarini) yer uchastkalarida, shuningdek, davlat mulki bo’lgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqini berish «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida ochiq elektron auktsionlar orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbularni inobatga olib, Samarqand shahar hokimligi qabul qilgan 2020 yil 18 iyundagi 99-F-sonli farmoyishi “Raqobat to’g’risida”gi qonunining 12-moddasi talablariga zid bo’lganligi sababli hududiy boshqarma tomonidan hokimlikka nisbatan ish qo’zg’atilib, uning ko’rsatmasiga asosan mazkur farmoyish o’z kuchini yo’qotgan deb topildi.
Natijada, Samarqand shahrida tashqi reklama ob’ektlarini o’rnatish bo’yicha barcha tadbirkorlik sub’ektlariga teng sharoit yaratilishi ta’minlandi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati