Bugungi kunda samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda mahsulot va xizmatlar bozorida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish, fermer xo’jaliklariga qulay shart-sharoitlar yaratish, qishloq agrokimyo, moliyaviy va boshqa zamonaviy bozor xizmatlari ko’rsatish infratuzilmasini yanada kengaytirish bo’yicha bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Qishloq xo’jaligida talab yuqori bo’lgan mineral o’g’itlarni erkin birja savdolarida barcha ishtirokchilarga hech qanday cheklovlarsiz sotish tizimining joriy qilinishi shular jumlasidandir.
Afsuski ayrim hollarda bozor ishtirokchilariga teng sharoit va bir xil o’yin qoidalarining yaratilishi sog’lom raqobat muhitining shakllanishiga, bu esa o’z navbatida tadbirkorlikning rivojlanishi va aholi farovonligi oshirishining muhim omili ekanligiga lozim darajada e’tibor berilmayapti.
Xususan, fermer xo’jaliklarini moliyalashtirishni maxsus to’lov kartalari orqali amalga oshirish mexanizmi joriy qilingan bo’lib, fermerlarga mineral o’g’itlar va yoqilg’i-moylash materiallari ushbu to’lov kartalari orqali sotilishi ko’zda tutilgan.
Ammo joylarda ushbu kartalar orqali to’lov qabul qilinishida mahalliy davlat boshqaruvi organlari va xizmat ko’rsatuvchi banklar tomonidan sun’iy ravishda fermerlardan sotilgan mineral o’g’itlar uchun to’lovlarning qabul qilinishini asossiz ravishda cheklash yoki mineral o’g’itlar savdosi bilan shug’ullanuvchi ayrim tadbirkorlarni o’z vaqtida terminal bilan ta’minlanmaslik holatlari uchramoqda.
Masalan, Namangan viloyatida mineral o’g’itlar savdosi bilan shug’ullanuvchi “Kamronbek Chemical Invest” MCHJga tegishli terminalning faoliyat ko’rsatishi Uchqo’rg’on tumani hokimligining joriy yil 24 yanvardagi xatiga asosan “Agrobank” viloyat filiali tomonidan to’xtatib qo’yilib, fermerlarga imtiyozli kredit hisobidan mineral o’g’itlarni xarid qilish uchun faqat “Agrokimyohimoya” MCHJ tuman filialidan to’lanishi tavsiya etilgan.
Mutasaddilarning ushbu hatti-harakatlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Raqobat to’g’risida”gi Qonunning 12-moddasi talablariga zid deb topilib, Uchqo’rg’on tumani hokimligi va ATB “Agrobank” Namangan viloyat boshqarmasiga mazkur holatni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko’rsatma berildi.
Olib borilgan ishlar natijasida tadbirkor – “Kamronbek Chemical Invest” MCHJning qonuniy manfaatlari tiklandi, ya’ni fermerlar uchun mineral o’g’itlar yetkazib berish bo’yicha monopol mavqega ega bo’lgan “Agrokimyohimoya” MCHJga raqobatchi sifatida faoliyatini olib borish imkoniyati yaratildi.
Hurmatli tadbirkorlar, agar sizning ham faoliyatingiz davomida shunga o’xshash vaziyatlarga duch kelayotgan bo’lsangiz, O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga murojaat qilishingizni so’raymiz!
Murojaatlarni Qo’mitamizning quyidagi elektron manzili yoki telefon raqamlari orqali qoldirishingiz mumkin:
Veb-sayt: antimon.gov.uz
E-mail: info@ antimon.gov.uz
Tel.: 71-207-48-00
Monopopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati