Bir necha kun avval telegramm-kanallarning birida Namangan viloyati aholisining murojaatiga duch keldik. Unda, “Qahramon” mahallasining “Elatan” ko’chasida o’rnatilgan ustunlardagi yuqori vol`tga ega elektr uzatgich simlarining tartibsiz osilib qolgani aytilgan. Mazkur holat qanchalik ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ortiqcha izohsiz tushunish qiyin emas.
Ushbu muammoning yechimini hal qilish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining hududiy boshqarmasi shug’ullanishni boshladi. Aniqroq qilib aytadigan bo’lsak, Qo’mitaning Uy-joy kommunal xo’jaligi, qurilish va transport sohasidagi iste’molchilarni himoya qilish bo’limi o’z zimmasiga oldi.
Ushbu vaziyatni to’la-to’kis tahlil qilish bo’yicha tegishli ko’rsatmalar viloyatning Uychi tumanidagi elektr tarmoqlari korxonasiga yuklatildi. Natijada, ular topshirilgan vazifani bajarib, murojaatda ta’kidlanganidek, ustunlarda osilib qolgan elektr uzatgich simlarini, balandroq qilib, o’z holatiga qayta o’rnatdilar. O’z navbatida, shikoyatchilar ham mamnun bo’ldilar. O’zingiz o’ylab ko’rin, siz istiqomat qilayotgan xonadoningiz tomi ustidan o’tgan yuqori vol`tli elektr simlar bir tartibda tizilib emas, balki deyarli uning ustiga yotib qolgan bo’lsa? Bir tasavvur qilib ko’rin?
Hurmatli iste’molchilar, agar sizda shunga o’xshash holat kuzatilsa yoki yuz bersa-yu, siz
murojaat qilgan kommunal xizmati korxonalaridan hech qanday sado chiqmayotgan bo’lsa, yoki ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar sifatsiz bajarilgan bo’lsa, Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi yoki uning huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilishingizni so’raymiz. Shuningdek, Respublikamizning barcha viloyatlarida Qo’mitaning hududiy boshqarmalari ham faoliyat yuritmoqda. Ular bilan quyidagi havola orqali bog’lanishingiz mumkin: https://raqobat.gov.uz/uz/qo-mita/hududiy-boshqarmalar/
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Matbuot xizmati