O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2013 yil 27 iyunda 2472-son bilan ro’yxatga olingan “Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy ko’rikdan o’tkazish tartibi to’g’risida”gi Nizomni “ex-post” usulida raqobatga ta’siri baholandi.
Aniqlanishicha, mazkur Nizom talablarida haydovchilar va haydovchilikka nomzodlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligining davlat davolash-profilaktika muassasalari qoshida tashkil etiladigan tibbiy haydovchilik komissiyalari tomonidan pullik asosida amalga oshirilishi (5-band), tibbiy ko’rikning ayrim turlarini o’tkazish imkoni bo’lmagan taqdirda, haydovchi tibbiy komissiyaning qaroriga ko’ra boshqa davlat davolash-profilaktika muassasasiga qo’shimcha tibbiy ko’rikdan pullik asosda o’tish uchun yuborilishi mumkinligi (19-band) ko’rsatilgan.
Mamlakatimizda shakllantirilgan amaliyot haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy ko’rikdan o’tkazish sohasida xususiy sektorni kirishiga muayyan cheklovlar mavjudligini ko’rsatmokda.
Aynan shu soha bo’yicha xorijiy tajriba va normativ – huquqiy xujjatlar ko’rsatishicha, transport vositalari haydovchilari tibbiy ko’riklari nafaqat davlat sog’liqni saqlash tashkilotlarida, balki tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo’lgan boshqa tibbiyot tashkilotlarida ham amalga oshirilishi belgilangan.
O’rganish natijalariga ko’ra, haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy ko’rikdan o’tkazish sohasida barcha sub’ektlar uchun teng sharoitlar yaratish va raqobatni rivojlantirish maqsadida ko’rsatib o’tilgan Nizomni tegishli o’zgartirishlar kiritish bo’yicha loyiha ishlab chiqildi va vakolatli organlarga yuborildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot hizmati