Qo’mitaga Surxondaryo viloyati, Jarqo’rg’on tumani, Xalqabod mahallasi joylashgan “Akbar Anvar Kelajagi” MCHJ tomonidan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda 2020 yilning 29 sentyabr kuni Surxondaryo viloyati Bandixon tumani “Bektepa” mahallasidagi kichik sanoat zonasi hududini 1,046 km avtomobil yo’li qurilishi bilan obodonlashtirish ob’ekti bo’yicha tender savdolari bo’lib o’tganligi, savdolarda “Akbar Anvar Kelajagi” MCHJ g’olib deb topilganligi, biroq Halq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining 2020 yil 10 noyabrdagi 139/VI-16-sonli qarori bilan mazkur ob’ektni qurilishi
asossiz ravishda boshqa korxonaga berilganligi sababli ushbu holatni o’rganib korxonaga amaliy yordam berish so’ralgan.
Qo’mita tomonidan masala o’rganib chiqilib, Halq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining 2020 yil 10 noyabrdagi 139/VI-16-sonli qarori bilan mazkur ob’ektni qurilishi boshqa korxonaga berilganligi O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonun talablariga zid ekanligi aniqlandi.
Qonunning 12-moddasiga asosan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag’larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo’nalishlarining afzalligi to’g’risida xo’jalik yurituvchi sub’ektga ko’rsatmalar berishi, ayrim xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko’rsatayotgan boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan afzal holatga qo’yadigan imtiyozlar, preferentsiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi, ayrim xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilashi taqiqlanadi.
Qonunning 14-moddasiga asosan tanlov (tender) savdolarini o’tkazishda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo’lgan harakatlar, shu jumladan, savdolar o’tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish, savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish taqiqlanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan monopoliyaga qarshi talablarning buzilishi tanlov (tender) savdolarining qarorlarini va shu savdolar natijalari bo’yicha tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish uchun asos bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi Qonunining 26-moddasiga asosan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid keladigan qarorlari O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan belgilangan tartibda bekor qilinishi belgilangan.
Qo’mita tomonidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga murojaat qilinib, Halq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining 2020 yil 10 noyabrdagi 139/VI-16-sonli qarorini bekor qilish masalasini ko’rib chiqilishi hamda Halq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashiga kelgusida bunday qarorlarni qabul qilmasliklari yuzasidan tegishli ko’rsatma berish so’ralgan.
Mazkur masala O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan o’rganib chiqilib, Halq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashi tomonidan qonunchilik talablariga zid ravishda qaror qabul qilinganligi o’z tasdig’ini topgan va ushbu qaror bekor qilingan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tadbirkorlik sub’ektlariga har tomonlama amaliy yordam ko’rsatishga tayyor ekanligini, vakolati doirasida muammolarni qisqa muddatda hal etish choralari ko’rilishi haqida ma’lum qilinadi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Matubot xizmati