Namangan viloyatida joylashgan “Mexmash” MCHJ metall vintlar ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Ushbu korxonaning rahbari Xodjaev ish bilan yoki mehmonga qo’shni viloyatga boradi va ne ko’z bilan ko’rsinki uning korxonasi nomi tushirilgan qog’oz idishlarda boshqa mahsulotlar sotilmoqda.
Juda sergak bo’lgan tadbirkor shu zahotiyoq O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga ariza yozadi. Ular esa o’z navbatida, tadbirkor murojaatini bizga Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga jo’natishadi. Bu bilan ular to’g’ri ish qilishgan, zero murojaatda ko’rsatilingan muammo “Raqobat to’g’risida”gi Qonunning 13-moddasi buzilishi bo’lib, aynan bizning vakolatimizdagi masaladir!
Xullas, murojaatni Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Farg’ona viloyati boshqarmasi bilan Farg’ona viloyati Dang’ara tuman Prokuraturasi o’zaro hamkorlikda o’rgana boshlashdi. O’rganishlar natijasida qonunbuzarlikni sodir etgan tashkilot nomi “Metall servis invest” MCHJ bo’lib chiqdi. So’roq davomida korxona tashkilotining rahbari tadbirkorlik sub’ekti unchalik katta bo’lmaganligi sababli, mahsulotlariga mahsus qadoqlash idishi ishlab chiqarmasligini va imkoniyatdan kelib chiqgan holda duch kelgan qadoq idishlarga vintlarini joylab sotarkan.
Hususan, “Mexmash” MCHJ nomi tushirilgan qadoq idishlarni ham, chiqindi qog’ozlar, ya’ni, makulatura sotiladigan joydan xarid qilib olib, mahsulotini sotayotganini ma’lum qilgan. Albatta bu bilan qonunbuzar hech qanday g’aliz niyatni ko’zlamagan.
Nima bo’lgan taqdirda ham Qonun buzilishi sodir etilgan. Hech qanday yomon niyat bo’lmasada, Qonunni bilmaslik jazodan qutilib qolishiga sabab bo’lmaydi. Birinchi galga bu holat boshqa takrorlanmasligi haqidagi ko’rsatma bilan surishtiruvlarni tugatdik. Lekin, yuqoridagi vaziyat yana takrorlansa, unda ish ma’muriy javobgarlikka tortilish bilan tugashi mumkin.
Ha aytgancha, “Mexmash” MCHJ nomi tushirilgan qog’oz qutilar yoqib yuborildi!
Qissadan hissa shuki, mahsulot ishlab chiqarar ekansan uning tanilishi yo’lida ham o’ziga yarasha mehnati borligini unutma! Biznesda esa o’zganing nomidan foydalanma.
Yana bir ma’lumot, yaxshi molni makulaturaga jo’natishmaydi. Shuni ham unutmanki, qadoqlar qayta ishlash uchun yuborilgan edi…
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati