O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi va uning huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga iste’molchilar tomonidan zamonaviy elektr energiya hisoblagichlarni o’rnatishdagi muammolar haqida ko’plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shu sababli, ayni vaqtda amal qilib kelinayotgan “Energiya resurslarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olishning zamonaviy asboblarini o’rnatish tartibi to’g’risida”gi nizomning asosiy qismlarini keltirib o’tmoqchimiz. (O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O’zbekiston neft` mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspektsiyasi hamda Elektr energetikada nazorat bo’yicha davlat inspektsiyasining 2018 yil 7 fevraldagi 3, 2-son qarori, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 4 mayda ro’yxatdan o’tkazildi, ro’yxat raqami 3005)
Maishiy iste’molchilar amaldagi me’yoriy hujjatlar talablaridan kelib chiqqan holda elektr energiyasini zamonaviy hisobga olish priborlarini o’rnatish jarayonida quyidagilarga:
Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari (keyingi o’rinlarda HETK deb ataladi) tomonidan zamonaviy hisobga olish priborlarini o’rnatish bo’yicha iste’molchilarni kamida 10 kun oldin joylardagi fuqarolarning o’zini o’zi
boshqarish organlari orqali xabardor qilinishi;
Hisobga olish priborlarini, shu jumladan induktsion va zamonaviy priborlarni yechib olish (demontaj qilish) va o’rnatilayotgan zamonaviy hisobga olish priborlarini o’rnatish HETK xodimi tomonidan Bosh prokuratura
huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi o’rinlarda Byuro deb ataladi) vakili va iste’molchi ishtirokida amalga oshirilishi;
HETK va Byuro vakili iste’molchilardagi hisobga olish priborlarini yechish va o’rnatish ishlari soat 8.00 dan 20.00 gacha amalga oshirilishi,
bunda HETK va Byuro vakili iste’molchiga o’zining xizmat guvohnomasini ko’rsatishi majburligi;
Hisobga olish priborlarini, shuningdek ular o’rnatiladigan maxsus shkaflarni xarid qilish, shu jumladan mavjud (shuningdek induktsion) priborlarni almashtirish, montaj qilish, davlat qiyoslovidan (shu jumladan, davriy davlat qiyoslovidan) o’tkazish hamda o’rnatish HETK hisobidan amalga oshirilishi, Byuro vakillari bilan birgalikda maishiy iste’molchi ishtirokida bepul ulanishi, ro’yxatga olinishi va plombalanishi;
HETK xodimi tomonidan iste’molchilarga hisobga olish priborining davlat qiyoslovidan o’tkazilganligi to’g’risidagi sertifikat taqdim etilishi;
HETK xodimi iste’molchidagi mavjud hisobga olish priborlari yechib olishda Byuro vakili va iste’molchi ishtirokida undagi plombalarning butunligini tekshirishi va bu haqda uch nusxada dalolatnoma tuzishi hamda dalolatnomaning barcha nusxalari elektr korxonasining xodimi, Byuro vakili va iste’molchi tomonidan imzolanishi;
Dalolatnomada hisobga olish priborining turi, uning zavod raqami, ishlab chiqaruvchining tovar belgisi, yechish paytidagi ko’rsatkichi va boshqa zarur ma’lumotlar ko’rsatilishi, dalolatnomaning bir nusxasi iste’molchiga taqdim etilishi, qolgan nusxalari HETK va Byuro vakillarida qolishi;
Hisobga olish priborlari o’rnatilgan va ulangandan so’ng HETK xodimi va Byuro vakili iste’molchi ishtirokida hisoblagichning klemma qopqog’ini (sxemasini), hisoblagichning xotira blokini va dasturlashga kirish tugmasini (o’chirgichini), o’tish klemmalarini plombalanishiga e’tibor berish lozim.
Agarda Sizning xonadoningizga zamonaviy hisoblagichlarning o’rnatilishida HETK tomonidan yuqoridagi tartiblarga amal qilinmaganligi holatlari aniqlangan taqdirida O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga yoki uning hududiy boshqarmalariga belgilangan tartibda murojaat etishingiz mumkinligi bildiriladi. telefonlar:
(71) 207-47-00
(71) 207-48-00
Sayt: www.antimon.gov.uz.
1159
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati