Iste’molchilarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish va ular tomonidan bildirilayotgan takliflarni inobatga olish maqsadida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining tashabbusi bilan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qaroriga qo’shimchalar va o’zgartirish kiritish to’g’risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur qaror loyihasi bilan hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan taqdim etilgan elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish pribori, maishiy iste’molchilarga ma’qul bo’lmasa yoki ulardagi mavjud shart-sharoitlarni inobatga olgan holda o’rnatish uchun mos kelmasa, iste’molchilarga elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish priborini o’z hohishiga ko’ra tanlash huquqi taqdim qilinmoqda.
Bunda, maishiy iste’molchi O’lchash vositalarining davlat reestriga kiritilgan, shuningdek elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga mos keladigan boshqa turdagi elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish priborini o’z mablag’lari hisobidan xarid qilishi, davriy davlat qiyoslovidan o’tkazishi hamda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan bepul o’rnatilishi, plombalanilishi va ro’yxatdan o’tkazilishi ko’zda tutilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining mazkur Qaror loyihasi regulation.uz saytiga ID 19775 raqami ostida 24 iyul 2020 yil sanasigacha muhokamaga joylashtirildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati