Faoliyatini Qoraqalpog’iston Respublikasida olib boruvchi «RAYXAN INVEST GULI» MCHJ qurilish mollarini ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. O’tgan yilda korxona rahbari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish maqsadida kredit oladi, buning ortidan vaqtida bajarilishi kerak bo’lgan bir nechta buyurtmalar ham kelib tushadi.
Olingan yangi texnologiyalar to’liq kuch bilan ishlashi uchun, 20 kVt quvvatga ega 3 fazali transformatorga ulanish kerak bo’lgan. Bu haqda tadbirkor davlat xizmatlari markaziga ariza qoldiradi va kutishni boshlaydi…
Davlat xizmatlari markazi arizani ko’rib chiqish uchun elektr ta’minotiga jo’natadi va ariza jo’natilganicha qolib ketadi. Tadbirkorning elektr ta’minotiga qilgan bir nechta murojaatlari javobsiz qoladi. Natijada, tadbirkor yordam so’rab Nukus shahridagi O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko’rib chiqish qabulxonasi orqali Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga murojaat etadi.
Muammo ijobiy hal etildi. Ammo, shu o’tgan davr mobaynida tadbirkor yangi olgan dastgohlaridan foydalana olmay, unga olingan kreditni to’lab yurgan. Buyurtmachilarning talablarini bajara olmagan. Bir qarashda bunaqa masalalarning muammosi anchagina katta bo’ladi.
Misol uchun, Nukus tumanidan tovuq fermasini sotib olgan «ALINA CHIKEN HOUSE» MCHJ holatini keltirishimiz mumkin. Tadbirkor davlat xizmatlari markazi orqali 2020 yilning 12 iyun` sanasida fermani elektr ta’minotiga ulash uchun ariza qoldiradi. Elektr ta’minoti korxonasidan tadbirkorga yangi elektr ta’minotiga yangitdan murojaat qoldirish va ko’rsatilmagan xizmat uchun to’lov qilishi kerakligi haqida xabar keladi.
Transformatorga ulanish uchun hamma keraklik anjomlar tadbirkor tomonidan sotib olingan. Lekin, tadbirkorga elektr ta’minoti tomonidan avvaliga loyiha hujjatlari ishlab chiqilib tasdiqlashi uchun 3 mln 103 ming so’mlik to’lov qilinishi, keyinchalik boshqa loyiha tashkiloti mazkur xizmat uchun 16 mln so’mlik to’lov qilinishi kerakligi haqida aytishgan. Shu o’rinda savol, bu to’lovlar qaysi xizmatlar uchun? Ferma transformatorga ulanmagani singari savolga javob ham berilmadi.
Shunday qilib, ferma rahbari Nukus shaxridagi O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko’rib chiqish qabulxonasi orqali Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga murojaat etadi. Mutaxassislar tomonidan olib borilgan o’rganishlar natijasida, so’ralgan to’lanishi kerak bo’lgan mablag’larga aniqlik kiritildi va ferma transformatorga ulanib berildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati