2020 yil 28 yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga Poytaxtimizda gazli ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug’ullanadigan korxonalar uchun PET-preformlar tayyorlaydigan “Plastmaster” MCHJ tomonidan elektr energiyasi bilan bog’liq murojaat kelib tushdi. Unga ko’ra, Toshkent shahri, Bektemir tumani, Oltin topgan ko’chasida joylashgan “Plastmaster” MCHJ korxonasiga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi kuchlanishi belgilangan sifat darajasidan pastligi, bu esa, korxonaning ishlab chiqarish jarayoniga salbiy ta’sir ko’rsatayotganligi keltirilgan bo’lib, elektr energiyasi ta’minoti sifatini yaxshilashda amaliy yordam ko’rsatilishi so’ralgan.
Murojaatni o’rganish davomida Toshkent shahri, Bektemir tumanidagi “Vodnik” nomli podstantsiya transformatorida vujudga kelgan nosozlik sabab bo’lganligi ma’lum bo’ldi.
Ushbu holat yuzasidan Elektr energetika nazorat inspektsiyasiva hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tegishli mutaxassislari tomonidan olib borilgan o’rganish va ta’mirlash ishlari natijasida, “Plastmaster” MCHJga elektr energiyasi kuchlanishi belgilangan sifat darajasiga yetkazib berilishi ta’minlandi.
Shuningdek, tadbirkorga amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablari bo’yicha tegishli tushuntirishlar berildi.
Hurmatli, Iste’molchilar, shu kabi holatlarga duch kelsangiz Qo’mitaga murojaat etishingiz mumkinligini, murojaatlaringiz belgilangan tartibda ko’rib chiqilishi hamda nazoratga olinishini ma’lum qilamiz !
Telefon raqamlar: (71) 207-47-00, 207-48-00;
Elektron manzil: info@antimon.gov.uz;
Veb sayt: www.antimon.gov.uz.
#elektrmuammosi
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati