Aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan taʼminlash, ularning narxini belgilash boʻyicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan dori vositalari narxini shakllantirish va tartibga solish boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazildi.
Oʻrganish oʻtkazishga Qoʻmitaga kelib tushayotgan ariza va murojaatlar aholi bilan oʻtkazilgan uchrashuv va soʻrovnomalar asos boʻldi. Joriy yilning 10 oyi davrida Qoʻmitaga dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari boʻyicha isteʼmolchilardan 248 ta arizalar kelib tushgan boʻlib, ularning 133 tasi (53,7%) dori vositalari narxlarning qimmatligi hamda dorixonalarda bir turdagi dori vositalari narxlarida katta tafovut mavjudligi yuzasidan kelib tushgan.
Maʼlumki, mamlakatimizda chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼiy nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qoʻllaniladi.
Shu bilan birga, ustamalarni qoʻllash uchun baza narxi sifatida dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid narxlari qabul qilingan.
Oʻz navbatida, xarid narxiga chetdan olib kelinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining kontrakt narxi, bojxona bojlari va yigʻimlari hamda boshqa xarajatlar inobatga olinadi.
Oʻrganish natijasida shu narsa maʼlum boʻldiki, chetdan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari kontrakt narxini kelishish bilan birga shartnomalar tegishli chegirmalar qoʻllanilishini nazarda tutilgan holda tuzilishi maʼlum boʻldi. Ayrim hollarda ushbu chegirmalar 60-80 foizgacha taqdim etilmoqda. Bu darajada katta chegirma qoʻllanilishi shartnomadagi birlamchi narxning sunʼiy yuqori belgilanishidan dalolat beradi.
Aynan chegirmalar chet eldagi yetkazib beruvchilar tomonidan mahalliy importer korxonalarga oʻzaro kelishgan holda har hil qoʻllanilishi oqibatida ichki bozorda ham narxlarda tafovut yuzaga kelmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, agar chet eldagi yetkazib beruvchi bilan mahalliy importer korxona “eksklyuziv” shartnoma tuzgan boʻlsa, hamda yetkazib berilayotgan dori vositasiga yuqori talab mavjud boʻlgan taqdirda (shu jumladan taniqli brend boʻlgani hisobiga) chegirmalar bu darajada katta boʻlmasligi va birlamchi qimmat kontrakt narxi qoʻllanishi kuzatilmoqda.
Yuqori talabga ega boʻlgan ayrim turdagi dori vositalari narxlarini qoʻshni davlatlar (RF, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston) narxlari bilan solishtirilganda tafovut 10 foizdan 100 foizgachani tashkil etmoqda.
Masalan, MAGNIY V6 tabletkasi Toshkent shahrida 55-60 ming soʻmdan sotilayotgan boʻlsa, ushbu dori vositasi Nursulton va Bishkek shaharlarida oʻrtacha 40 ming soʻm, Dushanbe shahrida 30 ming soʻm, Moskvada esa 36 ming soʻm ekvivalentida sotilmoqda.
Qoʻshni davlatlarda dori vositalari narxlarining pastligining sabablari oʻrganilganida dunyoning 30 dan ortiq davlatida, shu jumladan MDX davlatlarda qoʻllanilib kelayotgan tashqi referent narxlarni shakllantirish usulidan foydalanilayotganligi aniqlandi.
Tashqi referent narxni shakllantirish usuli – dori vositalari narxlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish yoki geografik joylashuv jihatidan bir-biriga yaqin boʻlgan davlatlardagi narxlarni solishtirish asosida narxlarni shakllantirish hisoblanadi.
Masalan, ayrim davlatlarda (Avstriya, Bolgariya, Italiya)da tashqi referent narx sifatida oʻrtacha narxlar olinadi, boshqalarida (Vengriya, Ispaniya, Polsha) eng kichik narxlar usuldan foydalaniladi.
Bundan tashqari, baʼzi davlatlarda (Belgiya, Chexiya, Belarus)tashqi referent narxlar barcha turdagi dori vositalariga qoʻllanilsa, boshqalarida (Niderlandiya, Rossiya, Qozogʻiston) ayrim turdagi dori vositalariga referent narxlar qoʻllaniladi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yil 15-noyabr kuni farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish va aholini dori vositalari bilan taʼminlash borasidagi ishlar tahlili va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda Prezidentimiz tomonidan aholi va sogʻliqni saqlash muassasalarini arzon hamda sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va texnikalari bilan taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berildi.
Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda ham asosiy turdagi dori-darmon vositalari narxlarini shakllantirishning yangi mexanizmini, yaʼni tashqi referent narxlarni shakllantirishni joriy etish taklif etilmoqda.
Bunda, quyidagilar nazarda tutiladi:
- Tanlab olingan (referent) qoʻshni davlatlardagi dori vositalari narxlarni yagona elektron bazasi yuritiladi;
- Dori vositalari uchun taklif etilayotgan narx qoʻshni davlatlardagi narxlar bilan solishtiriladi;
- Dori vositalarini dorixonalardagi narxlari tashqi referent narxdan yuqori boʻlmaslik talabi belgilanadi;
- Importyorlar, shu jumladan mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotining boʻlajak narxlari toʻgʻrisida Sogʻliqni saqlash vazirligini veb-saytida tanishish va hisob-kitoblarini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Mazkur mexanizmni amalga oshirilishi natijasida:
- birinchidan, dori-darmon vositalari narxi pasayishiga erishiladi va har hil dorixonalardagi narxlar tafovuti minimumga keladi;
- ikkinchidan, importerlar tomonidan narxlar orqali manipulyatsiya qilish oldi olinadi;
- uchinchidan, davlat xaridlarini amalga oshirishda byudjet mablagʻlari iqtisod qilinadi.
Yuqoridagi takliflarni amalga oshirish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda dori vositalarini import qilish va sotishda tashqi referent narxlarni shakllantirish mexanizmini joriy etish boʻyicha tegishli qaror loyihasi tayyorlanmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati