Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqobat muhitini yana-da rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 6-iyuldagi PF–6019-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek, ularning affillangan shaxslarini va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarini tashkil etishda (qayta tashkil etishda) monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligini olish tartibi toʻgʻrisida” 2021-yilning 3-iyunidagi 346-sonli Qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek, ularning affillangan shaxslari yoki xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarini tashkil etishda, qayta tashkil etishda (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirishda), xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olishda, faoliyat turi oʻzgarganda oldindan roziligi olish tartiblari belgilangan.
Shu bilan birga davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek, ularning affillangan shaxslarini va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarini tashkil etishga (qayta tashkil etishga) oldindan rozilik berish toʻgʻrisidagi ariza:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan:
oʻz faoliyatini respublikaning barcha hududlarida yoki bir nechta hududida amalga oshiradigan xoʻjalik yurituvchi subyektni tashkil etish (qayta tashkil etish) holatlarida;
xoʻjalik yurituvchi subyektni tashkil etishda (qayta tashkil etishda), agar xoʻjalik yurituvchi subyektning muassislari boʻlgan davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki uning affillangan shaxslari tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlsa;
xoʻjalik yurituvchi subyektni tashkil etishda (qayta tashkil etishda), agar muassislari davlat yoki xoʻjalik boshqaruvi organlari boʻlsa;
b) respublikaning tegishli hududi doirasida oʻz faoliyatini amalga oshiradigan muassisi mahalliy davlat hokimyati organi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tashkil etish (qayta tashkil etish) hollarida – Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining hududiy organlari tomonidan koʻrib chiqilishi belgilandi.
Bundan tashqari ushbu murojaatlar tegishli tartibda 60 kunlik muddatda koʻrib chiqilishi belgilangan. Koʻrib chiqish va affillangan shaxslarni aniqlash tartiblari, hamda qonun hujjatlarining buzilishi boʻyicha belgilangan tartibda choralar koʻrish tartiblari belgilab qoʻyildi.
Ushbu Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq yoki mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlik maqsadlari bilan bogʻliq boʻlgan davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tashkil etish (qayta tashkil etish) hollariga tatbiq etilmaydi.
Agar davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shuningdek, ularning affillangan shaxslari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumat qarori bilan tashkil etilayotgan (qayta tashkil etilayotgan) boʻlsa, unda monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligini olish toʻgʻrisidagi ariza tegishli qaror loyihasini kelishish (imzolash) uchun kiritilishidan oldin monopoliyaga qarshi organga taqdim etilishi zarur.
Shuningdek mazkur Nizom talablari bajarilishini doimiy nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va ularning hududiy organlari hamda Davlat xizmatlari markazlari zimmasiga yuklatildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati