2020 yil 28 mayda Hukumatning “Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solish sohasidagi davlat xizmatlarini ko’rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to’g’risida”gi 338-sonli qarori imzolandi.
Unga ko’ra, xo’jalik yurituvchi sub’ektlar ustav fondidagi aktsiyalarni (ulushlarni) olishga hamda xo’jalik sub’ektlarini birlashishiga doir bitimlarga oldindan rozilik berishning yangi tartibini belgilovchi ma’muriy reglamentlar tasdiqlandi. Ushbu tartibga muvofiq, mazkur sohadagi arizalarni qog’oz ko’rinishida qabul qilish tartibidan butunlay voz kechildi.
Bunda, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy va yuridik shaxslar o’zlariga qulay bo’lgan Davlat xizmatlari markaziga borib yoki onlayn rejimda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari kifoya bo’ladi.
Shu bilan birga, mazkur qaror bilan bugungi kungacha ushbu davlat xizmatlarini ko’rsatishni tartibga solib kelgan qonunchilik hujjatlari – O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 20 avgustdagi 230-sonli qarorining 5-ilovasi hamda 2013 yil 27 dekabrdagi 344-sonli qarorlari o’z kuchini yo’qotgan deb topildi.
Xulosa qilib aytganda, yangi qabul qilingan qaror bozor kontsentratsiyasiga oid bitimlarga olidandan rozilik berish davlat xizmatidan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning vaqtlarini sezilarli tejalishiga, ortiqcha qog’ozbozlikka barham berilishiga, shuningdek, ushbu xizmat sodda va tezkor amalga oshirilishiga olib keladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati