O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Buxoro viloyati boshqarmasiga kelib tushgan murojaatlar asosida, “Buxorogaz” HGTF tomonidan viloyat hududida faoliyat ko’rsatayotgan ulgurji iste’molchilarga 2019 yil aprel-avgust oylari davomida yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun qo’llanilayotgan tariflar va hisob kitob to’g’risidagi ma’lumotlar tahlil qilindi.
Olib borilgan tahlillar shuni ko’rsatdiki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi 897-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22 – son qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish” qoidalarida belgilangan talablariga rioya qilinmaganligi natijasida viloyatdagi tadbirkorlik sub’ektlariga asossiz ravishda tabiiy gaz tariflari ortiqcha qo’llanilganligi holatlari aniqlangan.
Unga ko’ra, “Buxorogaz” HGTF tomonidan “FOTON LYUKS” MCHJga 2019 yil may oyida yetkazib berilgan jami 21627 m3 tabiiy gaz uchun amaldagi 1 m3 (1000 so’m) tarifga 1,4 foiz koeffitsient qo’llagan holda ya’ni 1 m3 uchun 1400 so’mdan qo’llanilganligi natijasida 8 mln. 650 ming.so’m, bundan tashqari, Filial tomonidan viloyatdagi 114 ta tadbirkorlik sub’ektlariga 2019 yil aprel-avgust oylarida yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun amaldagi tarifga 1,4 foiz koeffitsient asossiz ravishda qo’llanilganligi natijasida jami 1 mlrd. 54 mln. 740 ming so’m, ortiqcha to’lovlar hisoblanganligi aniqlangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda hududiy boshqarma tomonidan vakolat doirasida ortiqcha hisoblangan to’lovlar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilish bo’yicha ko’rsatma berilib, yakunda ortiqcha mablag’lar tadbirkorlik sub’ektlariga qaytarib berilgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati