O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga «PHARM ABIDI INT» MCHJ tomonidan o’zi ishlab chiqarayotgan «AMPISUL» nomi ostida sotilayotgan dorining boshqa bir tashkilot, ya’ni «MEDILUX PHARM» MCHJ «AMPSUL» nomi bilan sotayotgani va bu bilan uning huquqlarini buziyotgani haqida murojaat kelib tushdi.
Nohalol raqobatga chek qo’yish boshqarmasi tomonidan olib borilgan o’rganishlar jarayonida «PHARM ABIDI INT» MCHJ farmatsevtika vositalari bilan chakana savdo qilishi va shu bilan birga O’zbekistonga savdo nomi «AMPISUL» bo’lgan, in’ektsiya uchun eritma tayyorlashda foydalaniladigan dori vositasini yetkazish bilan shug’ullanishi aniqlandi.
«PHARM ABIDI INT» MCHJ tovar nomiga egalik huquqi buzilayotgani yuzasidan, «MEDILUX PHARM» MCHJga sotayotgan dori vositasini nomini o’zgartirish so’rab murojaat etgan, lekin, «MEDILUX PHARM» MCHJ murojaatga javoban, ushbu nom ostida juda katta partiya 2019 yilning noyabr oyida O’zbekistonga kirib kelishi, uni to’liq realizatsiya qilib bo’lganidan so’nggina, tovar nomini o’zgartirilishini ma’lum qilgan.
Mazkur javobdan so’ng, «PHARM ABIDI INT» MCHJ muammoni hal etib berishni so’rab, Qo’mitaga murojaat etishadi.
Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi mutaxassisining xulosasiga ko’ra, «AMPSUL» nomi «AMPISUL» tovari bilan juda o’xshashligi, bundan tashqari «AMPSUL» nomini «MEDILUX PHARM» MCHJ tomonidan ro’yhatga olish haqida hech qanday murojaat bo’lmaganligi keltirildi.
Ikkala tashkilot ham bir hil yo’nalishda faoliyat yuritishlari hamda bir-biriga o’hshash mahsulotlarning savdosi bilan shug’ullanishgani uchun, ular raqobatchi hisoblanadi. Bu esa, O’zbekiston Respublikasining “Raqobat to’g’risida”gi Qonunni 13-moddasini buzganligini bildiradi.
Mazkur holatni o’rganish uchun tuzilgan mahsus komissiya, yuqoridagilarni inobatga olib, «MEDILUX PHARM» MCHJga quyidagi ko’rsatmalarni amalga oshirish belgilab berildi.
– «AMPSUL» nomi ostidagi dori vositalarni yetkazish va realizatsiya qilishni to’xtatish;
– Bir oy muhlatda «AMPSUL» nomi ostidagi dori vositalarni sotuvdan olib tashlash;
– «AMPSUL» nomiga tegishli bo’lgan barcha mahsulotlar, jumladan, flakonlar, qadoq idishlari, stikerlar hamda, vosita bilan foydalanish ko’rsatmalari ombor va boshqa saqlash manzillaridan yo’q qilish.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati