Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga Toshkent shahri “Eski Jo’va bozori” MCHJ hamda “Farxod dexqon bozori” AJ hududida mulkiy huquq asosida o’zlariga tegishli maydonlarda faoliyat olib borayotgan bir guruh tadbirkorlar tomonidan Toshkent shahri hududidagi bozorlar hududida joylashgan mulkdorlarga xizmatlardan foydalanishda aynan bozor ma’muriyati bilan shartnomalar tuzishga majbur qilinayotganligi, ko’rsatiladigan majburiy xizmatlar qiymati mulkdorlarga tegishli bino va inshootlar egallab turgan maydonning har bir kvadrat metri uchun 6500 so’m miqdorida belgilanib, tadbirkorlarga asoslanmagan harajatlar qilishga majbur qilinayotganligi ma’lum qilingan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan murojaatda ko’rsatilgan masalalarni O’zbekiston Respublikasining “Raqobat to’g’risida”gi Qonuni talablari asosida xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga asossiz aralashish va raqobatni cheklanishiga olib kelinayotganlik nuqtai nazaridan o’rganib chiqildi.
O’rganish natijalariga ko’ra, Toshkent shahar hokimligining mazkur qaroriga asosan tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga xizmatlar bozorlariga erkin kirishda teng imkoniyatlar yaratmaslik, sun’iy ravishda bozorlar hududida joylashgan mulkdorlarning xizmatlarni xarid qilishda shartnoma tuzish erkinligini cheklash, mazkur munosabatlarda bozorlar ma’muriyatiga ustunlik berish yo’li bilan bozor hududidagi mulkdorlarning xizmatlar bozorining normal faoliyat ko’rsatishiga to’sqinlik qiluvchi harakatlar sodir etish alomatlari kuzatildi.
Vaholanki, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 27 yanvarda 2185-son bilan ro’yxatga olingan Bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarida bir martalik yig’imlar, ijara to’lovlari hamda ko’rsatilgan xizmatlar uchun to’lovlarni o’z vaqtida va to’liq undirilishini tashkil etish va nazorat qilish tartibi to’g’risidagi Nizomning 8-bandida ijara to’lovlari va ko’rsatilgan xizmatlar uchun to’lovlar to’lovchilari sifatida o’z mulkiy huquqi asosida o’zlariga tegishli maydonlarda faoliyat olib borayotgan emas, balki bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarining ma’muriyati tasarrufida bo’lgan binolar, inshootlar hamda boshqa mol-mulkdan va ularning xizmatlaridan belgilangan tartibda foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar e’tirof etilgan.
Qo’mita maxsus komissiyasining 2020 yilning 4 fevraldagi barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida o’tkazilgan komissiya yig’ilishida Toshkent shahar hokimligi tomonidan O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonuni 12-moddasi birinchi qismi uchinchi, oltinchi va sakkizinchi xatboshilari hamda uchinchi qismi talablari buzilgan deb topildi. Maxsus komissiya qarori bilan Toshkent shahar hokimligiga Toshkent shahar hokimining 2019 yil 27 martdagi 460-sonli qarori 4-ilovasi izoh qismini O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi 354-moddasi birinchi, ikkinchi va beshinchi qismlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 apreldagi PQ-1326-son qarori hamda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 27 yanvarda 2185-son bilan ro’yxatga olingan Bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarida bir martalik yig’imlar, ijara to’lovlari hamda ko’rsatilgan xizmatlar uchun to’lovlarni o’z vaqtida va to’liq undirilishini tashkil etish va nazorat qilish tartibi to’g’risidagi Nizomning 8-bandiga moslashtirish yo’li bilan to’xtatish yuzasidan ko’rsatma berildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot хizmati