Bugungi kunda, ilm va amaliyot uzviyligini ta’minlash samarali raqobat siyosatini amalga oshirishning muhim shartidir.
Ushbuni inobatga olgan holda, joriy yilning 9-noyabr kuni, ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti o‘rtasida Raqobat siyosati sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashinuv memorandumini imzolash tadbiri marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zaro hamkorlikning asosiy maqsadlari etib:
✅ raqobat siyosati yo‘nalishida salohiyatli kadrlarni tayorlash tizimini tubdan takomillashtirish;
✅ raqobat siyosati sohasi turli yo‘nalishlariga doir ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar olib borish, ularning natijasida davlat boshqaruvi uchun institutsional innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish;
✅ tovar, moliya va raqamli bozorlarda raqobat muhiti holati diagnostikasi va tahlillarini yangi sifatiy darajaga olib chiqish, bunda zamonaviy iqtisodiy modellashtirish vositalarini keng qo‘llash;
✅ hamkorlikda ilmiy-tadqiqot, o‘quv va innovatsion markazlar va laboratoriyalarni tashkil etish belgilab olindi.
Tomonlar, davlatning samarali iqtisodiy taraqqiyotiga ko‘maklashishda raqobat siyosatining hal qiluvchi rolini ta’kidlab:
– Qo‘mitaning malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan ta’lim va ilm-fan sohasida innovatsion hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish;
– Raqobat siyosati sohasida inson resurslari salohiyatini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etish va kadrlarning professional darajasini oshirishda metodik hamkorlik qilish;
– Oliy ta’lim institutlarining magistratura talabalarini Qo‘mitaning Markaziy apparati va hududiy organlarida amaliyot va stajirovka (internship)larini tashkil etish hamda Qo‘mita xodimlarining sohaga oid ilmiy-ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish;
– Tomonlar o‘rtasidagi nazariy-ilmiy-amaliy uzviylikni ta’minlashda Qo‘mita xodimlari tomonidan Universitet talabalari, professor o‘qituvchilar uchun tizimli amaliy ma’ruzalar o‘tish;
– Tomonlar tizimida raqobat siyosati sohasida ilmiy-tadqiqot, institutsional innovatsiyalar ishlab chiqish va tadbiq etish, kadrlarning salohiyatini oshirish uchun tayyorlov va malaka oshirish kurslarini tashkil etish kabi faoliyatga ixtisoslashtirilgan markaz va laboratoriyalarni tashkil etish;
– Qo‘mita xodimlariga Universitetning Axborot-resurs markazidan foydalanish imkoniyatini yaratish hamda Qo‘mita tizimidagi xodimlar hamda Universitet nazariyotchi tadqiqotchilari bilan birgalikda Binar (ikkitalik) dissertatsiya himoyasi tizimi asosida fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish kabi chora-tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirib borishga kelishib olishdi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, bugungi kunda birgina Qo‘mitaning Markaziy apparatida Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetining 10 dan ortiq bitiruvchilari turli lavozimlarda samarali faoliyat yuritib kelmoqda.