– Toshkent shahri hokimiyati qoshida DUK shaklidagi uy-joy kommunal sohasidagi boshqaruv kompaniyasi tashkil etilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar tarqaldi – bu to’g’rimi? Shu haqda batafsil javob bersangiz.
Shahlo Abzalova, «O’zbekiston24“ radiosi muhbiri
– O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni asosida, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, bitta tovar bozorida 5 va undan ortiq hususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko’rsatadigan hududlarda davlat ishtirokidagi xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni tashkil etilishi yo’l qo’yilmaydi. Prezident qarori bilan tashkil etilayotgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar bundan mustasno. Ta’kidlash joiz, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan «Ko’p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida»gi qarorida Toshkent shahar hokimligi huzurida davlat unitar korxonasini tashkil etish nazarda tutilmagan. Eslatib o’taman, qonunchilikka muvofiq bunday harakatlar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishish belgilangan. Bu masala bo’yicha, Qo’mitaga Toshkent shahar hokimligi tomonidan hech qanday hujjat loyihasi jo’natilmagan.
Ushbu mavzu yuzasidan Toshkent shahar hokimligi xodimlaridan surishtirilganda, boshqaruv servis sohasini isloh qilish maqsadida xorijiy tajriba o’rganilganligi, biroq bugungi kunda poytaxt hokimligi huzurida davlat unitar korxonasi shaklida boshqaruv kompaniyasi tashkil etish ishlari olib borilmayotganligi ma’lum bo’ldi. Ushbu bozorda ko’p sonli korxonalar faoliyat yuritayotganini inobatga olib, yagona davlat unitar korxonasi shaklida boshqaruv kompaniyasi tashkil qilinishi maqsadga muvofiq emasligi, aksincha tashkil etilayotgan korxonalarni hokimiyat tomonidan qo’llab-quvvatlanishi, xususan ularga moddiy texnik bazasini yaxshilash, zarur anjomlar bilan ta’minlash maqsadida subsidiyalar ajratilishi hamda ilg’or xorijiy tajribani o’rgangan va mutaxassislarni jalb qilgan holda kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Bekzod Ummatov
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Raisi o’rinbosari