Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi kelgan har bir murojaatga maʼsuliyat bilan yondoshib, qonun doirasida uni ijobiy hal etishga intiladi.
Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga kelgan navbatdagi murojaatni keltirish mumkin. Unda Xoʻjayli tumanida joylashgan “Sarbinaz medservis” oilaviy korxonasi hamda “Qoraqalpoq suv taʼminot” MCHJ Xoʻjayli tumani filiali orasidagi 100 mln soʻmdan ortiq muammoli vaziyat yuzaga kelgani haqida yozilgan.
Periza Masharipova – Xoʻjayli tumani “Sarbinaz medservis” oilaviy korxonasi boshligʻi
- Bizning korxonamiz aholiga ambulator meditsina xizmatini koʻrsatish bilan shugʻullanadi. Korxonamiz ambulator tartibda konservativ ginekologiya, diagnostika va fizioterapiya kabi xizmatlarni amalga oshiradi. Joriy yilning 27-yanvar sanasida suv taʼminoti xodimlari korxonamizga suv boʻyicha tekshiruvga kelishdi va shartnomasiz hamda nizomsiz suvdan foydalanib oʻtirilgan deb bayonnoma tuzib ketishdi. Men zudlik bilan suv tarmoqlari tashkilotiga borib, barcha mavjud shartnomani taqdim etdim. Lekin, ular hujjatlarni notoʻgʻri, registratsiya qilinmagan deb har-xil bahonalar qilishni boshlashdi.
Xullas, taqdim etilgan hujjatlarga qaramay, suv taʼminotiga maʼsul tashkilot korxonani suv taʼminotidan uzib, hisoblagichni plombalab ketdi.
Mazkur holat yuzasidan isteʼmolchi bir nechta mutasaddi idoralarga, jumladan, Hujayli tumani hokimiyatiga oʻz murojatini qoldiradi, lekin, u yerdan natija chiqmaydi.
Periza Masharipova – Xoʻjayli tumani “Sarbinaz medservis” oilaviy korxonasi boshligʻi
- Men Hoʻjayli tuman hokimi qabuliga oʻz muammoim bilan kirdim. Hokim, suv taʼminoti korxonasi rahbari bilan bizni qoʻllab-quvvatlash kerakligini, bizlarga yordam berish kerakligini tushuntirishiga qaramay, taʼminot rahbari bizga hech qanday yordam bermadi. Bu ham yetmagandek turli formulalarni vaj qilib, bizga nisbatan 100 mln soʻmdan ortiq jarima chiqarib, uni undirish maqsadida sudga davo arizasini kiritdi.
Tadbirkor shunda ham vaziyatni hal etish maqsadida suv taʼminotiga borib, 100 mln soʻm jarima qayerdan kelib chiqqanini tushuntirishlarini soʻraydi. Ammo, ular yana eski bahonalarni qilib, tadbirkorni qiyin ahvolga solib qoʻyishadi. Shundan soʻng, “Sarbinaz medservis” oilaviy korxonasi rahbari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga yordam soʻrab murojaat etdi.
Periza Masharipova – Xoʻjayli tumani “Sarbinaz medservis” oilaviy korxonasi boshligʻi
- Soʻngra men Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga murojaat etdim, ular tegishli oʻrganishlar oʻtkazishdi, keyin suv taʼminotiga kerakli hujjatlarni soʻrab murojaatnomalar kiritishdi. Bu orada sud jarayonlarida qatnashdim. Suv taʼminotining advokati men taqdim etgan shartnomani noqonuniy ekanligini, hujjatdagi pechat va shtamplar asl boʻlsada, bazaga kiritilmagan deya sudda koʻrsatma berdi.
Birinchi instansiya sudi ushbu holatni oʻrganib, “Qoraqalpoq suv taʼminot” MCHJ Xoʻjayli tumani filialining davo arizasini qisman qondirishga qaror chiqarib jarimani 33 mln soʻmga tushiradi, lekin, tadbirkor ushbu qarordan norizo boʻlib, apellatsiya berdi.
Tadbirkorning apellatsiya ariza Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sudining Iqtisodiy ishlar buyicha apellyatsiya sudlov kollegiyasi instansiyasi tomnidan koʻrib chiqildi. Unda monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi vakillari ham uchinchi tomon sifatida ishtirok etib, vaziyat yuzasidan aniqlagan va toʻplagan barcha maʼlumotlarini sudga taqdim etdi.
Apellatsiya sudi taqdim etilgan hujjatlar va toʻplangan maʼlumotlarni toʻligʻicha oʻrganib, tadbirkorning buzilgan huquqlarini toʻliq tiklab, “Qoraqalpoq suv taʼminot” MCHJ Xoʻjayli tumani filiali tomonidan chiqarilgan 100 044 842 soʻm asossiz qarzni bekor qildi.
Hurmatli tadbirkorlar, agar siz ham shu kabi muammoga duch kelgan boʻlsangiz Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga murojaat etishingiz mumkinligini eslatib oʻtamiz.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati