2026-yil 12–13-oktyabr kunlari Bryussel shahrida Yevropa Komissiyasining Raqobat masalalari bo‘yicha bosh direktorati (DG COMP) tomonidan tashkil etilgan «Yevropa Ittifoqining raqobat va davlat yordami sohasidagi qonunchiligi hamda uni qo‘llash amaliyoti» mavzusidagi xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Davlatov boshchiligidagi delegatsiya mazkur muhim tadbirda ishtirok etdi.
Seminar dasturi davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash, monopoliyaga qarshi tekshiruv vositalari, iqtisodiy konsentratsiyani nazorat qilish hamda bitimlarni ko‘rib chiqishda ularning ishtirokchilariga majburiyatlar belgilash masalalarini qamrab oldi. Milliy raqobat organlari o‘rtasidagi hamkorlik va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi.
Ekspertlar bilan muloqot doirasida transchegaraviy savdo masalalari, jumladan, asl mahsulotlar importiga qo‘yiladigan cheklovlar hamda tovar belgilariga bo‘lgan huquqlar bilan raqobat qonunchiligi talablarining o‘zaro nisbati ko‘rib chiqildi. Muhokama Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ish yuzasidan 30-sentyabr kuni DG COMP ekspertlari bilan onlayn shaklda o‘tkazilgan dastlabki maslahatlashuvlarning davomi bo‘ldi. Asosiy e’tibor import cheklovlarining mustaqil importyorlarning bozorga kirishiga, narxlar shakllanishiga va iste’molchilarning tanlov imkoniyatlariga ta’sirini baholash yondashuvlariga qaratildi.
Shuningdek, DG COMPning «Siyosat va strategiya» direktorati direktori Mariya Yaspers bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda institutsional hamkorlikni mustahkamlash, transchegaraviy masalalar bo‘yicha ekspert maslahatlashuvlarini o‘tkazish, raqobat siyosati va davlat yordami sohasida tajriba almashish hamda qo‘shma o‘quv tadbirlarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zaro anglashuv memorandumini imzolash imkoniyati ham alohida ko‘rib chiqildi.
O‘rganilgan tajriba va ekspert tavsiyalari milliy qonunchilikni inobatga olgan holda tahlil qilinib, Qo‘mitaning huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlashga asos bo‘ladi.








