Raqobat qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi Samarqand tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2024-yil davomida o‘tkazilgan tanlov (tender) savdolarining O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunlar talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi.
Jumladan, Samarqand tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2024-yil 20-sentyabrda “Kan, Rayhon va Gultojixo‘roz gullarini sotib olish uchun” boshlang‘ich narxi 230,0 mln so‘mlik mahsulot sotib olish bo‘yicha e’lon joylashtirilgan.
O‘rganishlar davomida mazkur amalga oshirilgan davlat xaridlarida xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilarni tanlov hujjatlaridagi mezonlar bo‘yicha to‘liq baholamagani hamda tanlov hujjati va yig‘ilish bayonidagi mezonlar bir-biriga nomuvofiq holda ishlab chiqilganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi alomatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomiga muvofiq hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan buyurtmachi tashkilotga belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi va bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. Shuningdek, mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.