#Apellyatsiya_kengashi
Qoʻmita Apellyatsiya kengashi “Ohangaronsement” AJga nisbatan qabul qilingan qaror va koʻrsatmani oʻz kuchida qoldirdi
Raqobat qoʻmitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga “SARKOR-ISʼHONCH-777” MCHJ hamda “EAST” MCHJ tomonidan “Ohangaronsement” AJning xatti-harakatlaridan norozi boʻlib yoʻllangan murojaat kelib tushgan.
Murojaatni oʻrganish jarayonida aniqlanishicha, 2025 yil noyabr–dekabr oylarida “Ohangaronsement” AJ bilan “SARKOR-ISʼHONCH-777” MCHJ hamda “EAST” MCHJ oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga asosan, xaridorlarga sement mahsulotini belgilangan muddatlarda yetkazib berish majburiyati olingan.
Biroq, oʻrganishlar davomida sement mahsulotini shartnomalarda belgilangan muddatlarda yuklab joʻnatish taʼminlanmaganligi, shuningdek, birja savdolari natijalari boʻyicha shartnoma majburiyatlarining lozim darajada bajarilmaganligi natijasida “Ohangaronsement” AJ tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablariga rioya etilmaganlik holatlari aniqlandi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuning 29-moddasiga muvofiq, birja savdolarini oʻtkazish chogʻida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarni sodir etish taqiqlangan.
Yuqoridagilarga asosan, Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi boʻyicha “Ohangaronsement” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi.
Shu bilan birga, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.
Shuningdek, “Ohangaronsement” AJ tomonidan hududiy boshqarmaning mazkur qarori va koʻrsatmasidan norozi boʻlib berilgan apellyatsiya shikoyati Raqobat qoʻmitasi Apellyatsiya kengashi tomonidan koʻrib chiqilib, kengashning qaroriga asosan, hududiy boshqarma tomonidan “Ohangaronsement” AJga nisbatan qabul qilingan qaror hamda koʻrsatma oʻz kuchida qoldirilgan.








