Antifriz – texnik suyuqliklarining sifatsiz bo‘lishi ko‘p hollarda avtomobil dvigatellarida isitgich radiatorini ishdan chiqaradi, yonish kameralariga antifrizning oqib ketishiga sabab bo‘ladi va shlanglarda shikastlanishlar paydo bo‘lib, turli nosozlikni keltirib chiqaradi. Bugungi kunda savdo shoxobchalarida sotilayotgan antifrizlarning sifati talab darajadami?
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan 2024-yil 15-noyabr kuni belgilangan rejaga asosan quyidagi 5 ta nomdagi antifriz mahsulotlaridan nazorat xaridi o‘tkazildi.
“COOL-X” – “WORLD TRADING COMPANY” MChJ QK. (O‘zbekiston);
“SIBIRIA” – “Dzerjinskiy zavod organicheskogo sinteza” MChJ. (Rossiya Federasiyasi);
“MAGAS” – “Sever” MChJ. (O‘zbekiston);
“MEGAZONE” – «Sculpture Cosmetics” MChJ. (O‘zbekiston);
“VERTEX” – “WORLD TRADING COMPANY” MChJ QK (O‘zbekiston).
Mazkur mahsulot namunalarining sifatini o‘rganish maqsadida akkreditasiyasidan o‘tgan UzTest laboratoriyasi va qadog‘i bo‘yicha O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasiga topshirildi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-oktyabrdagi 783-son qarori bilan tasdiqlangan “Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklarga talablar to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamenti” (UzTR.783-024:2017) asosida o‘rganishlar o‘tkazdi.
Tahlil natijalarida quyidagilar aniqlandi:
barcha sinovdan o‘tkazilgan mahsulotlar sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha amaldagi talablari muvofiq. Biroq, ayrimlari markirovka talablariga nomuvofiqligi aniqlandi. Xususan,
“MAGAS” antifrizi – qadog‘ida qaysi normativ-hujjat asosida ishlab chiqarilganligi haqida ma’lumot mavjud emas;
“MEGAZONE” antifrizi – qadog‘ida ishlab chiqarilgan sana, muvofiqlik belgisi, mahsulot qadog‘ida qaysi normativ-hujjat asosida ishlab chiqarilganligi berilmagan;
“SIBIRIA” antifrizi – qadog‘ida qaysi normativ-hujjat asosida ishlab chiqarilganligi ko‘rsatilmagan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Bunda mazkur ma’lumot tovarlarning etiketkalarida, tamg‘alarida, texnik hujjatida yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ayrim turlari uchun qabul qilingan boshqa usulda iste’molchilarga yetkazilishi mumkin.
Raqobat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-fevraldagi 59-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablaridan kelib chiqib, vakolatli organ – O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasiga tegishli chora ko‘rish uchun ma’lumot kiritildi.