Moskvada raqamli davrda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning dolzarb yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi
Moskva shahrida raqamli muhitda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan birinchi xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda 23 ta davlat va 4 ta xalqaro tashkilotning 400 ga yaqin vakili, jumladan, Raqobat qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdi.
Konferensiyada bozorlarni raqamlashtirish sharoitida iste’molchilar huquqlarini ta’minlash, onlayn muhitdagi insofsiz amaliyotlarning oldini olish hamda elektron savdo sohasida iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, konferensiya doirasida MDHga a’zo davlatlarning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Maslahat kengashining 21-majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi vakillari ishtirok etdi.
Unda onlayn xaridlar xavfsizligi, elektron savdoda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, shaxsiy ma’lumotlar va naqdsiz to‘lovlar xavfsizligi, masofaviy savdo sohasidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda nizolarni hal etish mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.








