O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-108-son Farmoniga muvofiq, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mahalliy ijroiya hokimiyati va boshqa davlat organlarining hududiy bo‘linmalari, shuningdek, tegishli hududda joylashgan tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlariga yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan tushuntirishlar berish maqsadida o‘quv-seminarlari o‘tkazilishi belgilangan.
Mazkur Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning Toshkent shahar, Toshkent va Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar hamda boshqa qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan joriy yilning oktabr oyida o‘quv-seminari tashkil etildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, davlat boshqaruv organlari, mahalliy hokimliklar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan raqobat qonunchiligi talablari buzilishini oldini olish va qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash, shuningdek, yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan davlat boshqaruv organlari, mahalliy hokimliklar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tegishli tushuntirishlar berishdan iborat bo‘lib, o‘quv-seminarga qatnashish uchun davlat organlari, mahalliy hokimliklar hamda korxona va tashkilotlar taklif etildi.
Shu bilan birga, o‘quv-seminarda Qo‘mita mas’ullari tomonidan yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida yig‘ilish ishtirokchilariga tushunchalar berish bilan bir qatorda berilgan savollarga huquqiy tushuntirishlar berildi.