Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining vakillari Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan Seul shahrida (Koreya Respublikasi) tashkil etilgan va joriy yilning 21-mayidan 3-iyun kuniga qadar davom etadigan xalqaro tajriba almashinuv dasturida ishtirok etishmoqda.
“Raqobat qonunchiligi va bozor iqtisodiyotini rivojlantirish” deb nomlangan ushbu dasturda O‘zbekiston bilan birgalikda Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlari vakillari ham qatnashmoqda.
Mazkur dasturni tashkillashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ishtirokchi davlatlarning raqobat qonunchiligi va bozor iqtisodiyotini o‘zaro tajriba almashinuvlar va samarali hamkorlik asosida yanada rivojlantirishdan iborat. Shuning bilan bir qatorda Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasi, sohada erishilgan yutuqlari bilan ishtirokchilarni tanishtirish va ularga Koreyaning muvaffaqiyatli tajribasini o‘z mamlakatlarida samarali joriy etishda ko‘maklashishdir.
Ushbu xalqaro dasturning dastlabki ikki kunida Qo‘mita vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy yutuqlari, raqobat qonunchiligi haqida taqdimotlar tashkil etildi. Taqdimotlarda mamlakatda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va hal etilishi dolzarb bo‘lgan muammolar haqida batafsil hisobot berib o‘tildi.
Taqdimot yakunida boshqa ishtirokchi davlatlar vakillari tomonidan erishilgan yutuqlar e’tirof etildi hamda ular tomonidan Qo‘mita faoliyatida joriy etilgan yangi loyihalarga yuqori qiziqish bildirildi.
Xalqaro dastur davom etmoqda.